Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda biznes uchun sharoitlar yaxshilanib borayotgani qayd etilib, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da tadbirkorlarga yanada qulayliklar yaratilishi hamda bu 5 mln aholi bandligini ta’minlashda muhimligi ta’kidlandi. Buning uchun 83 trln so‘m va $275 mln kredit hamda subsidiyalar yo‘naltirilishi belgilangan.
Barqarorlik reytingini joriy qilish ahamiyati haqida davlat rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida aytilgandi. Shundan so‘ng uning mezonlari va tartib-tamoyillari ishlab chiqildi. Reyting tadbirkorlar faoliyati uchun “o‘ziga xos rag‘bat” bo‘lishi qayd etilgan.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar faoliyat davri, rentabellik darajasi, to‘lov intizomi, aholi bandligidagi o‘rni va ish haqi kabi 23ta mezon asosida 4ta toifaga ajratiladi.
Bu soliq, adliya va sud organlari ma’lumotlari asosida shakllanadi. Har bir tadbirkor o‘z o‘rni va bahosini real vaqtda bilib borishi mumkin bo‘ladi.
Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor bo‘ladi, QQS summasi bir kunda va boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov uch kunda qaytarib beriladi. Tovarlarni import qilishda va sotishda QQSni bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Auksionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bunda kamida 15% miqdorida dastlabki to‘lovni biryo‘la amalga oshirganda, qolgan summaga yillik foizlar hisoblanmaydi.
Reyting natijasida tadbirkorlar faoliyatiga soliqchilar emas, elektron tizim baho beradi. Kelgusida subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar reytingdan kelib chiqib beriladi. Ko‘rsatkichi past bo‘lganlar intizomli tadbirkorlar safiga kirish va ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lish uchun harakat qiladi.
Bundan tashqari, reyting tadbirkorlarga o‘z hamkorlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumot beruvchi himoya tizimiga aylanadi. Ya’ni, shubhali shartnomalar va insofsiz raqobatga chek qo‘yilib, “yashirin” iqtisodiyot qisqaradi. Davlat rahbari tizimni puxta ishlab chiqib, adolatli va samarali yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
“Tadbirkorlar sinfi jamiyatda yetakchi kuchga aylanmoqda, yoshlar ularga qarab intilmoqda. Endi ushbu reyting orqali tadbirkorlar o‘rtasida qonunlarga itoat qilish, intizomli va harakatchan bo‘lishni rag‘batlantirish zarur. Buni joriy qilish va samaradorligini ta’minlashda Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat kengashining o‘rni katta bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Taqdimotda “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” platformasi 1-martgacha ishga tushirilishi belgilab olindi. Savdo-sanoat palatasi tomonidan joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, reyting imkoniyatlarini tushuntirish ishlari olib boriladi.
Shuningdek, subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ajratishning shaffof tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Reytingi past tadbirkorlar bilan manzilli ishlab, faoliyatini jonlantirish va tiklashga yordam berish muhimligi qayd etildi.
2023-yilning noyabrida Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarning ishonchlilik reytingini joriy qilish nizomini tasdiqlash haqidagi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygandi.
Avvalroq tadbirkorlardan talab qilinadigan 8 turdagi hisobot va statistik ma’lumotlar bekor qilingandi. 1-martdan litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning 22 turi bekor qilinadi.