Birlashgan Arab Amirliklari O‘zbekiston fuqarolari uchun viza talablarini bekor qilmoqda. Bu haqda “UzA” xabar berdi.

16-yanvar kuni O‘zbekistonning BAAdagi favqulodda va muxtor elchisi Abdulaziz Oqqulov va BAA Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xolid Abdulla Belhul bilan uchrashdi.

Tomonlar O‘zbekiston va BAA o‘rtasida kirish viza talablaridan o‘zaro ozod etish to‘g‘risidagi hamkorlik protokolini imzoladi. Hujjat joriy yilning 16-fevralidan kuchga kiradi.

Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar BAA hududida 30 kungacha vizasiz bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.

2023-yil davomida BAAga 119 454 nafar O‘zbekiston fuqarolari tashrif buyurgan, viza rasmiylashtirish uchun $9,2 mln sarflangan.

Imzolangan hujjat O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rasmiylashtirmasdan boriladigan mamlakatlar sonini 29 taga yetkazib, O‘zbekistonni “Global Passport Power” reytingida 71-o‘ringa ko‘taradi.


Avvalroq “Spot” Eron O‘zbekiston fuqarolari uchun viza rejimini bekor qilgani haqida yozgandi. Mamlakat hukumati 32ta davlat fuqarolari uchun viza tartibini bir tomonlama bekor qilishni tasdiqladi.