“Apple” 2023-yilda smartfon ishlab chiqarish bo‘yicha “Samsung"ni ortda qoldirdi va jahon yetakchisiga aylandi. Bu haqda “Forbes” nashri “IDC” ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Mazkur ko‘rsatkichgacha, “Samsung” 2010-yildan beri 12 yil davomida global yetakchilikni saqlab kelayotgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Apple” o‘tgan yili ishlab chiqarilgan qurilmalar sonining yil sayin o‘sishini ko‘rsatgan yagona yirik smartfon ishlab chiqaruvchisiga aylandi.
2023-yilda kompaniya yetkazib berish hajmi 3,7%ga oshib, 234,6 mln donani tashkil etdi. “Apple"ning jahon bozoridagi ulushi o‘tgan yil oxirida 20,1%ni, “Samsung"niki 19,4%ni tashkil qilgan. Janubiy Koreya kompaniyasi 2023-yilda 226,6 mln dona smartfon yetkazib bergan.
Jahon yetakchilari orasida uchinchi o‘rinda 145,9 mln dona smartfon yetkazib berilgan va bozor ulushi 12,5%ni tashkil etgan Xitoyning “Xiaomi” kompaniyasi joy oldi.
Yana ikkita Xitoy kompaniyasi — “Oppo” va “Transsion” mos ravishda 8,8% va 8,1% ulushlari bilan global top-5likdagi so‘nggi o‘rinlarni egalladi.
Umuman olganda, 2023-yilda global smartfonlar yetkazib berish 2022-yilning shu davriga nisbatan 3,2%ga qisqarib, 1,17 mlrd donani tashkil etdi.
“IDC” ma’lumotlariga ko‘ra, bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng past ko‘rsatkich bo‘lib, asosan makroiqtisodiy muammolar va yil boshidagi omborlarning haddan tashqari ko‘pligi bilan bog‘liq.
To‘rtinchi chorakda jo‘natmalar 8,5%ga (326,1 mln donaga) o‘sdi, bu 7,3% o‘sish bo‘yicha taxminlardan ham yuqori bo‘ldi.
2024-yilning yanvarida “Microsoft” kompaniyasi “Apple"ni ortda qoldirib, dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylangandi.
“Microsoft” aksiyalari savdolarda 2%ga oshib, kompaniyaning bozor qiymati $2,9 trlnga yetdi. “Apple” aksiyalari esa 0,9%ga tushib ketib, kapitallashuv $2,8 trlnni tashkil etdi.
“Microsoft” biznesining rivojlanishiga “OpenAI” texnologiyasining unumdorlik dasturiga kiritilishi sabab bo‘ldi.