2023-yilda avtomobil bozorida sotuvlar sezilarli darajada faollikni ko‘rsatdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida keltirilgan.

O‘tgan yil davomida 1,69 mln dona avtotransport vositalari sotildi, bu 2022-yilga nisbatan 18%ga ko‘p. 2023-yildagi eng yuqori ko‘rsatkichlar may (156 mingta) va oktabr (186 mingta) oylarida sotuvlar oshgani qayd etildi.

2023-yilda O‘zbekistonda 379 mingta yangi yengil avtomobillar sotildi, ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 33%ga o‘sgan. Mamlakatda ishlab chiqarilgan yengil avtomobillar savdosi 25% o‘sish bilan 333 mingdan ortiqni tashkil etgan.

2023-yil, avtomobil bozori, elektromobillar, tahlil, avtomobillar

Ishlab chiqarish va avtokreditlar. Ikki yil ichida mahalliy yengil avtomobillar ishlab chiqarish 2021-yildagi 236 ming donadan 2023-yilda 395 ming donagacha 1,6 barobar oshdi.

Bundan tashqari, o‘zbekistonliklar avtomobil sotib olish uchun ko‘proq kredit olishni boshladi. Xususan, 2022-yilda avtokreditlar berish 2,3 barobarga oshib, 19,6 trln so‘mni tashkil etdi.

2023-yilning 11 oyida aholiga 2021-yilga nisbatan 4,4 barobarga ko‘p — 34,6 trln so‘mlik avtokreditlar berildi.

Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi yil davomida 2,4 barobarga oshib, 46 mingta avtomobilni tashkil etdi. O‘tgan yilning 11 oyida yengil avtomobillar importi sezilarli darajada, 2,2 barobar oshib, $1,56 mlrdni tashkil etdi.

Avtomobil bozorining mazkur segmentida mashina importining o‘sishiga asosan bojxona to‘lovlarining kamayishi ta’sir ko‘rsatdi. Bir yil ichida O‘zbekistonda haydalgan yengil avtomobillar savdosi 12,6%ga o‘sib, 1,16 mln donaga yetdi.

Elektromobil bozoridagi vaziyat. O‘zbekistonda elektr dvigatelli avtomobillarga qiziqish tobora ortib bormoqda. 2023-yilda yengil elektromobillar savdosi 4,3 barobarga oshib, 25,7 ming donani tashkil etdi.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p elektromobillar poytaxtda sotildi — qariyb 71%, eng kam elektromobillar savdosi esa Surxondaryo viloyatida — 123 ta.

Dekabr oyida hukumat yangi avtomobillarni bir kishiga sotishni cheklashga qaratilgan qarorni qabul qildi. Ichki bozordagi talabdan kelib chiqib avtomobil sotuvchisi bir kishi bilan yiliga ikkitadan ortiq shartnoma tuzmaslik huquqiga ega bo‘ladi.