“Centrum Air” aviakompaniyasi Toshkent-Tbilisi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.
Aviaqatnov joriy yilning 1-aprelidan boshlanib, haftasiga ikki marta — dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, kompaniya 7-maydan Toshkentdan Batumiga parvozlarni qayta yo‘lga qo‘yishni, ularni haftasiga ikki marta, ya’ni seshanba va juma kunlari amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Tbilisiga aviachiptalar narxi 2,4 mln so‘mdan, Batumiga esa 2 mln 365 ming so‘mdan boshlanadi.
“Centrum Air” aviakompaniyasining birinchi xalqaro parvozi aprel oyida Namangan — Jidda yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan edi. Birozdan keyin aviatashuvchi Toshkentdan Misrning Sharm al-Shayxiga charter reyslari boshlangani haqida xabar berdi.
5-iyundan aviakompaniya Toshkent-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshlashini e’lon qildi. O‘sha oyning ikkinchi yarmida “Centrum Air” O‘zbekistonning uchta viloyat markazi — Urganch, Buxoro va Termizni Moskva bilan bog‘lashi haqida ma’lum qildi.
Bundan tashqari, noyabrda aviakompaniya Toshkent-Qozon yo‘nalishida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.