Huquq-tartibot idoralari tomonidan fuqarolarga kriptovalyuta sotib olishni taklif qilayotgan firibgar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Namangan viloyati Davlatobod tumanida yashovchi fuqaro 29 yoshli E.X. IIOga murojaat qilib, noma’lum shaxs uning bank kartasidagi 8 mln 190 ming so‘m pulini o‘zlashtirganini bildirgan.

Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tezkor-qidiruv tadbirlari davomida firibgarni aniqlashdi. U Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida yashovchi 27 yoshli Yu.D. bo‘lib chiqdi.

Gumonlanuvchi va jabrlanuvchi “Instagram"da tanishishgan. Yu.D. kriptovalyuta savdosi bilan shug‘ullanib, E.X.dan firibgarlik yo‘li bilan 8,19 mln so‘m olganligi, biroq kelishilgan kriptovalyutalarni o‘tkazib bermaganligi ma’lum bo‘ldi.

Yu.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (axborot tizimiga noqonuniy kirish yoki undan foydalanish orqali o‘g‘irlik, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda uning shu kabi boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Qo‘qondagi qandolat sexida noqonuniy mayning ferma topilgani haqida xabar berilgandi.