Avvalroq 2025-yilgacha Toshkent ko‘chalarida umumiy uzunligi 475 km bo‘lgan 36ta alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilishi ma’lum qilingandi.
Shuningdek, poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasida yashil transport yo‘lagini joriy etish belgilangan bo‘lib, uning konsept-dizayni va texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan.
Mazkur yo‘lakning xarajatlar smetasini ko‘rib chiqish hamda xalqaro mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilgan, deya ma’lum qildi Transport vazirligi huzuridagi loyihani boshqarish guruhi rahbari Nodir Xudoyberdiyev. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha hokimlik, “Toshkent Invest”, Global ekologik fond (GEF), Xitoyning “CRRC Group” kompaniyasi, BMT TD va Transport vazirligi vakillari uchrashdi.
Tomonlar yashil yoqilg‘ida harakatlanadigan transport vositalari ulushini oshirish, mikromobillikni kengaytirish, yo‘lovchilar va haydovchilar uchun qulaylik yaratish masalalarini muhokama qildi.
“CRRC Group” kompaniyasi vakillari ishlab chiqarilayotgan avtotransportlar haqida ma’lumot berib, g‘ildirakli tramvaylarning poytaxt transport tizimiga integratsiyalashuvini taklif qildi.
Bundan tashqari, Nodir Xudoyberdiyevning ta’kidlashicha, yashil transport loyihasiga yo‘naltiriladigan investitsiya mablag‘lari 5 yil, 11 oyda o‘zini qoplashi hisoblab chiqilgan.
Shota Rustaveli ko‘chasida tashkil etiladigan yashil yo‘lakda velo-yo‘lakchalar, piyodalar yo‘lakchalari tashkil etiladi. Loyiha poytaxt ko‘chalarida avtomobillar sonining keskin oshib ketishining oldini olishga qaratilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘lak bo‘ylab transportning o‘rtacha tezligi 11%ga oshadi, atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar hajmi 12,3%ga kamayadi.
Yo‘lakning ishga tushirilishi hisobiga har kuni yo‘lovchilar va transport vositalari egalarining 3318 soat vaqti tejaladi. Yiliga yoqilg‘i sarfi 2,6 mln litrga kamayib, bu yiliga 21,2 mlrd so‘m iqtisodiy samaraga olib keladi.
Uchrashuvda tomonlar samarali yechimlarga kelishda hamkorlikda ishlash va munozaralarni davom ettirishga kelishishdi.
Hukumat qarori bilan 2024-yilda Transport vazirligida “yashil” transport bo‘linmasini tashkil etish hamda tramvay va trolleybuslarda yo‘l haqini to‘lashni avtomatlashtirish topshirilgandi.