Toshkentdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, birinchi navbatda ekologik barqarorlikni ta’minlash, havoga chiqayotgan maishiy chiqindilarni kamaytirish, jamoat transporti tizimini sifat va son jihatdan yaxshilash belgilanmoqda.

Shu bilan birga, yo‘llarda ustuvorlikni avtomobillarga emas, eng avvalo piyodalarga, undan keyin jamoat transportiga berishga qaratilgan infratuzilmani yaratish kabi o‘zgarishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Hokimlik ekologik holatni yaxshilash va aholi salomatligini asrab-avaylash uchun ayrim keskin qarorlarni qabul qilish talab etilishini, bu esa kelgusida salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmasligi uchun ilmiy tadqiqotlar hamda tahlillarga asoslangan bo‘lishi zarurligini qayd etmoqda.

Poytaxt hokimligi huzurida har bir yo‘nalish bo‘yicha, mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida ishchi guruhlar faoliyat olib bormoqda.

Har bir ishchi guruhning tahliliy xulosalari asosida Toshkent miqyosida qilinadigan amaliy choralar haqida taqdimot tayyorlanmoqda. Hokimlik tez orada mazkur taqdimot keng jamoatchilikka taqdim etilishini bildirdi.

Avvalroq Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish omillarini qayd etib, salbiy oqibatlarni kamaytirish bo‘yicha takliflar bildirgandi. Havoni tozalash uchun elektromobillarga o‘tishni rag‘batlantirish, qurilish va transport harakatini cheklash ilgari surilgan.