Malayziyaning “Luna Far East” kompaniyasi O‘zbekistonda misni qayta ishlash loyihasini amalga oshirmoqchi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev kompaniya ijrochi direktori Tyu Sing Chyu bilan uchrashdi. Malayziya tomoni mazkur loyihani Toshkent viloyatida amalga oshirishga qiziqish bildirgan.
Kompaniyaga mis katodlarini xarid qilish, ishlab chiqilgan tayyor mahsulotlarni eksport qilishda qo‘llaniladigan transport yo‘laklari va tashqi savdo marshrutlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda uning qiymati $5 mln atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, mahsulotlar to‘liq Yaqin Sharq mamlakatlari va Misrga eksport qilinadi.
Misni qayta ishlash loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish, tashkilotlar bilan muzokaralar o‘tkazish uchun mart oyida kompaniya O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
“Luna Far East” kompaniyasi 2003-yilda tashkil etilgan. U mis xom ashyosidan tayyor mahsulotlar, mis folgasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari Malayziyaning Selangor shtatida va Tailandda joylashgan.
O‘zbekistonda 2024-yilda misni qayta ishlash hajmini 140 ming tonnaga olib chiqish, 2025-yilda esa 160 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.