Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Paxtakor futbol klubi"ning 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ommaviy savdo jarayonlari boshlanganligini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xaridorlar aktivni sotib olishda futbol klubining faoliyatini saqlab qolishi, rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqishi talab etiladi.

Shuningdek, klub balansidagi barcha sport obyektlaridan, jumladan, futbol maydonidan faqat sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanishi, “Paxtakor” futbol klubi akademiyasi faoliyatini saqlab qolishi va rivojlantirishi kerak.

Aktivni sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda talabgorlar oldindan malakalanadi. Ikkinchi bosqichda esa ularning tijorat takliflari, zakalat puli miqdori hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.

Birinchi bosqichda ariza beruvchilar quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda aktivga qiziqish bildirishlari kerak:

  • yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnoma va uning ustav nusxalari (yuridik shaxslar uchun), STIR, pasport yoki ID karta nusxasi (jismoniy shaxslar uchun);
  • hujjatlar topshirilgan sanaga talabgor, uning ta’sischisi yoki benefitsiarining to‘liq ro‘yxati (yuridik shaxslar uchun);
  • davlat aktividan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talablar asosida undan foydalanishning biznes konsepsiyasi loyihasi;
  • talabgorning o‘zi taklif etadigan qiymatdan kamida 5% miqdorida zakalat puli ning quyida keltirilgan hisob-raqamga o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi to‘lov hujjati nusxasi.

Savdoning birinchi bosqich yakunida 3 ish kuni mobaynida natijalari bo‘yicha ikkinchi bosqichga o‘tgan talabgorlar to‘g‘risida Davaktiv agentligi veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar orqali e’lon berilib, talabgorlarga xabarnoma yuboriladi.

Ikkinchi bosqichda sotib olish narxi va to‘lov muddatini ko‘rsatgan holda tijorat takliflari kiritiladi. Bunda moliyaviy hisobot yoki to‘lov qobiliyatini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni taqdim etish talab qilinadi. Takliflar o‘zbek, rus yoki ingliz tilida qabul qilinadi.

Auksionda ishtirok etish uchun talabgorlar joriy yilning 15-fevral kuni soat 18:00gacha havola orqali ariza jo‘natish mumkin.

“Paxtakor” futbol klubi O‘zbekistonda 1956-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan professional futbol klubi hisoblanadi.


Avvalroq prezident 20 trln so‘m daromad keltiruvchi xususiylashtirish dasturini ishlab chiqishni topshirgandi.