Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, fuqarolar o‘z huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mansabdor shaxslarning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi.
Bunda mahalliy davlat hokimiyati organlari, ijro etuvchi hokimiyat organlari, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ularning mansabdor shaxslari nazarda tutilgan.
Mazkur shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.
Bunday holatlarda fuqarolardan berilgan arizalar bo‘yicha undiriladigan davlat boji BHMning 70%i (238 ming so‘m) etib belgilandi. Iilgari bu BHMning 1 baravari (340 ming so‘m) miqdorida edi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.
2023-yilning iyunida ayrim xizmatlar uchun litsenziya olishda davlat boji miqdori kamaytirilgandi.