Xitoy kompaniyasi yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi mashinalarini Farg‘onaga olib kirish istagida. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov “Shandong Swan Cotton Industrial Machinery Stock Co. Ltd” kompaniyasi bosh direktori Vang Xin Ting boshchiligidagi delegatsiyasini qabul qildi.
Tomonlar kompaniyaning yuqori texnologiyali qishloq xo‘jaligi mashinalarini Farg‘onaga olib kirish masalasini ko‘rib chiqdi. Keyinchalik viloyatning o‘zida ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini qurish muhokama qilindi.
Shuningdek, kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan paxta terish mashinalarini viloyatga olib kelish bilan birga ularni shu yerning o‘zida yig‘ish, o‘quv va servis xizmatlarini tashkil etish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi.
Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish va hamkorlikda ish tashkil etishga kelishildi.
Avvalroq Xitoy kompaniyasi Farg‘onada ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasini ochishi ma’lum qilingandi. Birinchi bosqichda avtoklavli gazobloklar va bazalt izolyatsion plitalari ishlab chiqarish liniyalari ishga tushiriladi.
Turkiyalik tadbirkorlar esa viloyatda zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Loyiha qiymati $10 mln bo‘lishi kutilmoqda.