Avvalroq sayyohlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida, prezident topshirig‘iga asosan, turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.
“Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman va shaharlarda zamonaviy mehmonxonalar (joylashtirish vositalari) va maydoni 5 ming kv.metrdan ortiq bo‘lgan savdo-ko‘ngilochar majmualaridan iborat turizm markazlari tashkil etiladi.
“Zomin”, “Chimyon” hamda “Amirsoy” kurort zonalari hududida boj olinmaydigan (“Duty Free”) va xalqaro brendlar savdo do‘konlaridan iborat savdo komplekslari (“Luxury tourism village”) quriladi.
2024-yildan xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun Turizm vakillari biriktiriladi.
Hujjatda 12ta tuman va shaharda turizm markazlarini tashkil etish belgilangan. Joriy yilning 1-oktabrigacha turizm markazlarining master rejalari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, joriy yildan quyidagilar amalga oshiriladi:
- turizm obyektlarini o‘zaro bog‘lovchi “turizm halqalari"ni tashkil qilish asosida sayohat muddatini oshirishni nazarda tutuvchi “O‘zbekistonda yana bir kun sayohat” dasturi amalga oshiriladi;
- mamlakatdagi turizm obyektlarini o‘zaro bog‘lovchi Turistik yo‘nalishlarning yagona reyestri yuritiladi;
- har ikki yilda bir marotaba, may oyining uchinchi haftasida mukofot jamg‘armasi $2 mln bo‘lgan xalqaro “O‘zbekiston ipak matolari” moda haftaligi (“SILK UZBEKISTAN FASHION WEEK”) o‘tkaziladi;
- milliy zargarlik mahsulotlari do‘konlarida mamlakatda ishlab chiqarilgan, qimmatbaho metallardan tayyorlangan o‘lchovli quymalar hamda Markaziy bankning esdalik pul belgilarini sotish uchun vending avtomatlarini o‘rnatishga ruxsat beriladi;
- “To‘rt faslning har birida sayohat” turizm mavsumlarining ochilishini nazarda tutuvchi festivallar o‘tkaziladi.
Dekabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident mamlakat turizm salohiyatini samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon o‘rinlarini ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar bergandi.
Sayyohlar uchun sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida yangi dam olish maskanlarini barpo etish belgilangan.
Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak tog‘ maskanida yengil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish mo‘ljallangan.