Avvalroq davlat rahbari raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yildagi vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda prezident eksport sohasidagi ishlar ahvolini tahlil qilib, kompleks rahbariyati va hokimlarning 2024-yil uchun eksport rejasi yetarli emasligini qayd etdi.
“Iqtisodiyotimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun eksportni yiliga kamida 30%ga oshirib borishimiz zarur”, — dedi prezident.
Lekin, o‘tgan yili 2ta drayver tarmoq va 4ta hududda 2022-yilga nisbatan eksport hajmlari kamaydi. Shuningdek, 10ta tuman va shaharda eksport oldingi yil ko‘rsatkichini yarmiga ham yetmadi.
Shu munosabat bilan Bosh vazirga Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hokimining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda 10ta tuman va shahar hokimiga nisbatan intizomiy chora ko‘rish topshirildi.
Bundan tashqari, majlisda meva-sabzavot eksporti uchun xorijiy davlatlarning fitosanitar ruxsatlari olinganiga qaramasdan, ulardan to‘liq foydalanilmayotgani ta’kidlandi.
Masalan, Yaponiyaga 58 turdagi meva-sabzavotga fitosanitar ruxsat olingani bilan, 52 turi bo‘yicha, Hindistonga 38tadan 32tasi, Pokistonga 22tadan 18tasi, AQShga 15tadan 11tasi bo‘yicha eksport bo‘lmadi.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘rtasida mahsulotlar eksportini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘qligi tanqid qilindi.
Endilikda agentlik nafaqat fitosanitar ruxsat olish, balki qishloq xo‘jaligi eksportini tashkillashtirish uchun ham mas’ul bo‘ladi. Buning uchun karantin tizimi, ish uslubi va yondashuvlari to‘liq o‘zgaradi.
Yig‘ilishda eksportning 50%i 4ta bozorga — Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston va Turkiyaga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi. Ulardan tashqari eksportni $1 mlrdga chiqarish mumkin bo‘lgan mamlakatlar bilan yaqindan ishlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yoki, eksportning asosiy qismini tashkil qiladigan 20 turdagi mahsulot 1ta bozorga bog‘liq bo‘lib qolgan. Eksport tovarlarining uchdan bir qismi xomashyo bo‘lib, tashqi bozorlardagi narx konyunkturasiga bog‘liqligi qayd etildi.
Masalan, ikki yil oldin mamlakat “GSP+” tizimiga qo‘shilib, 6 200 turdagi tovarlarni Yevropa bozorlariga bojsiz olib kirish imkoniyati yaratildi. Lekin o‘tgan yili ushbu tizimdan to‘liq foydalanilmay, 384 turdagi tovarlar eksport qilindi.