Avvalroq davlat rahbari raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yildagi vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda eksportni kreditlashga $200 mln resurs berilgani qayd etildi. Bundan tashqari, bu yil eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga 800 mlrd so‘m yo‘naltirilmoqda.

Eksport agentligi tarmoq va hudud rahbarlari bilan birgalikda bu mablag‘lardan samarali foydalanishini ta’minlay olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, eksport oldi moliyalashtirish uchun imtiyozli shartlarda ajratilgan har bir dollarga o‘rtacha $5lik eksport to‘g‘ri kelayapti. Lekin, elektrotexnikada $2,5, qishloq xo‘jaligida va farmatsevtikada $3ni tashkil qiladi.

Achinarlisi, ayrim korxonalarning eksport hajmi olingan kreditdan kam bo‘lgan bo‘lsa, ba’zilari kredit olib, umuman eksport qilmagan.

Shuningdek, o‘tgan yili xalqaro standart joriy qilish va sertifikat olish uchun 4,5 milliard so‘m mablag‘ berilgan 31 ta korxona eksport bilan shug‘ullanmagan.

Eksport agentligi eksportchilarga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish o‘rniga davlatdan berilgan tayyor pulni yo‘naltiradigan “buxgalter-kassir"ga aylanib qolgani tanqid qilindi.

Jahon savdo tashkiloti talablari asosida Eksport agentligi Savdoni rivojlantirish kompaniyasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Yangi tizimga muvofiq, Investitsiya vazirligi chet eldagi qaysi bozorda qanday mahsulotlar xaridorgir ekanini aniqlaydi. Ularga kirish uchun hukumatlararo kelishuvlarga erishadi. Savdo-sanoat palatasi esa tadbirkorlarga yangi bozorlar talablariga moslashishga ko‘maklashadi.

Kompaniya beradigan subsidiya, kredit va yordamlar yangi tadbirkorlik reytingi asosida, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot bilan yangi bozorlarga chiqayotgan eksportchilarga ajratiladi.

Majlisda ushbu tizimni 1-martdan joriy qilish topshirildi.