Eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yildagi vazifalar bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari tizimdagi muammolarga to‘xtaldi.
Davlat rahbari YaIMni oshirish bo‘yicha katta marra olinganini, lekin bunga faqat ichki investitsiya va ichki bozor bilan erishib bo‘lmasligini qayd etdi.
Prezident bevosita investitsiya, sanoat va eksportga mas’ul 11ta vazirlik va idora, 10ta uyushma, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar, bundan tashqari, barcha vazirlik, tarmoq va hududlarda eksport va investitsiyaga mas’ul rahbar o‘rinbosari faoliyat yuritayotgan investitsiyalar va tashqi savdo tizimining faoliyati juda sustligini ko‘rsatib o‘tdi.
Hozirgi murakkab vaziyatda tizimda investitsiya va eksport bo‘yicha chuqur tahlil yo‘qligi tanqid qilindi. Asosiy bozorlar bo‘lgan mamlakatlardagi devalvatsiya, jahonda ro‘y berayotgan ziddiyatlar va logistika hisobiga ularga eksport kamaygan.
Investitsiya vazirligi va tarmoqlar rahbarlari eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish ustida o‘z vaqtida bosh qotirmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Kompleks rahbariyati so‘nggi 6 yilda chetdan qariyb $50 mlrd investitsiya kirgani haqida ma’lumot berayotgani, lekin ushbu investitsiyalarning YaIMga, qo‘shilgan qiymatga, eksportga ta’siri qanday bo‘lgani bo‘yicha tahlillar yetarli emasligi qayd etildi.
Masalan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6%ga o‘sdi. Biroq, tovarlar eksportida kutilganidek o‘sish bo‘lmagani aytildi.
Hududlarda esa moliyalashtirish to‘liq yakunlangan 8 trln so‘mlik 1000ta loyiha haligacha ishga tushmagan. Mamlakat sertifikatlarini tan olish bo‘yicha haligacha birorta davlat bilan kelishuvga erishilmagan.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan qiymati $480 mlnlik 5ta loyiha bo‘yicha kelishuv imzolanganiga 1−2 yil bo‘lgan bo‘lsada, o‘zlashtirish boshlanmagan.
Ikki yil oldin tashkil qilingan To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga $1 mlrd xorijiy investitsiya olib kelish bo‘yicha rejalar to‘liq amalga oshirilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan kompleks uchun mas’ul Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
O‘z tizimidagi kamchiliklar va sustkashlik uchun Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Bahriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattarov lavozimidan ozod qilindi.
Investitsiya kompleksiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilishi qayd etildi.
Ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi. Natijaga qarab shartnoma uzaytiriladi yoki bekor qilinadi.