Avvalroq davlat rahbari raisligida eksport, investitsiya va mahalliy sanoatda 2024-yildagi vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Prezident xorijiy mamlakatlarda mahalliy yuk tashuvchilari uchun viza rejimini soddalashtirish choralarini ko‘rishni topshirdi, deya ma’lum qildi davlat rahbarining matbuot xizmati.
Majlisda mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga yetkazishda ishonchli logistika zanjirlarini tashkil qilish bo‘yicha yechimini kutayotgan masalalar tahlil qilindi.
Ayrim mamlakatlarda yuk tashishda qo‘shimcha yig‘imlar mavjudligi, haydovchilar uchun viza rejimi murakkabligi, avtotransport uchun vazn talablarini muvofiqlashtirish yakuniga yetkazilmagani, portlarda eksport tovarlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan terminallar yo‘qligi qayd etildi.
Bu masalalar bilan lozim darajada shug‘ullanmayotgani uchun transport vaziri Ilhom Mahkamov ogohlantirildi.
Investitsiya vazirligiga logistikadagi muammolarni yechish, mintaqaviy va yirik xalqaro loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.
Shuningdek, strategik temir yo‘l koridorlarini barpo etish doirasidagi ishlarni faollashtirish lozimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga xorijiy mamlakatlarda mahalliy tashuvchilarimiz uchun viza rejimini soddalashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston xalqaro yuk tashuvlari uchun yig‘im va to‘lovlarni optimallashtirishi haqida xabar berilgandi.