Prezident O‘zbekistonda ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Unga ko‘ra, ayrim yer uchastkalari kompleks turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlarga ajratiladi.
Gap davlat qo‘riqxonalarining bufer zonalari, milliy tabiat bog‘lari, pitomniklar (qo‘riqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), o‘rmon va o‘rmon-ov xo‘jaliklari, tog‘li va cho‘l hududlari hamda obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan yerlar haqida ketmoqda.
Ekohududlarda joylashgan yerlar toifasi o‘zgartirilmagan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun 10 yilga ijaraga beriladi. Bunda yerlarni “E-auksion” orqali faoliyat ko‘rsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan olish mumkin bo‘ladi.
Joriy yilning 1-sentabrigacha “Tabiatga sayohat” elektron platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.
2027-yilgacha cho‘l hududlarida rekreatsion turistik xizmatlarni ko‘rsatuvchi kurort zonalarini (toifali mehmonxonalar, SPA-mehmonxonalar, sanatoriy va pansionatlar) tashkil qilgan tadbirkorlar 3 yil davomida foyda solig‘ini va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini belgilangan stavkalarga nisbatan 50%ga kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi.
Tematik xiyobonlarni tashkil qilgan yuridik shaxslarga esa ularni foydalanishga topshirgan kundan 3 yil davomida mol-mulk va yer solig‘i belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50%ga kamaytiriladi.
Avvalroq sayyohlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida turizm imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi. Undan keyin, xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda ichki turizmni tezlashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.
Shuningdek, to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va rag‘batlantirish ko‘rsatkichlari belgilandi. Joriy yilning 1-aprelidan 2026-yilning 1-apreligacha mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga imkoniyati cheklanganlar uchun jihozlangan har bir maxsus xona uchun subsidiya ajratiladi.
Mo‘ynoq va Zomin aeroportlariga amalga oshiriluvchi parvozlar uchun 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, pensiya va nafaqa oluvchilar, nogironligi bo‘lganlarga aviachiptalarni sotish 50% imtiyozli ta’riflar bo‘yicha amalga oshiriladi.