Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganishni targ‘ib qilish orqali turistlar oqimini ko‘paytirish hamda mamlakat nufuzini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda “O‘zbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasi tashkil etiladi. U orqali O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyoti IT orqali o‘rgatiladi.
Shuningdek, mamlakatning tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini o‘rganishga qiziqishi yuqori bo‘lgan xorijiy ta’lim va ilmiy tashkilotlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining markazlari tashkil etiladi.
Shu bilan birga, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “O‘zbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Joriy yilning 1-maydan ushbu markazlar va kafedralar zarur o‘quv qo‘llanma va darsliklar, audio va videomateriallar bilan quyidagi miqdorlarda ta’minlanadi:
- o‘zbek tilini o‘rganish uchun — 200ta;
- o‘zbek adabiyotini o‘rganish uchun — 100ta;
- O‘zbekiston madaniyatini o‘rganish uchun — 100ta;
- O‘zbekiston tarixini o‘rganish uchun — 100ta;
- madaniy meros va turizmni o‘rganish uchun — 20ta.
Yil yakunigacha xorijdagi o‘zbek milliy madaniy markazlari va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o‘zbek tili kurslari ham tashkil etiladi.
Avvalroq moliyaviy savodxonlik bo‘yicha platforma yaratilgandi. Platformada 4ta modul mavjud bo‘lib, ulardan hamda test sinovlaridan o‘tgan ishtirokchilarga virtual diplom beriladi.