O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar soni oshiriladi. Bu haqda Transport vazirligi matbout xizmati xabar berdi.
Transport vazirligi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi hamda “O‘zaeronavigatsiya” markazi rahbar hamda mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Xitoy aviatsiya ma’muriyati bilan aviaqatnovlar hajmini oshirish, geografiyasini kengaytirish hamda yangi havo koridorlarini ochish bo‘yicha muhokama olib bordi.
Bundan tashqari, Xitoy aviakompaniyalarini O‘zbekiston aviatashuvlar bozoriga jalb etish hamda o‘tgan yili tashkil etilgan yangi rezident kompaniyalarning Xitoy bozorida ishtirokini ta’minlash yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarning birinchi bosqichida ikki davlat o‘rtasida Toshkent-Pekin, Toshkent-Sian hamda Toshkent-Chengdu yo‘nalishlariga qo‘shimcha ravishda yani yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Xususan, joriy yil bahor-yoz mavsumidan Samarqanddan Urumchiga, Toshkentdan esa Shanxay, Xaynan, Sanya hamda Xanchjou kabi shaharlarga muntazam parvozlarni tashkil etish kutilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonning “Qanot Sharq” hamda “Centrum Air” aviakompaniyalari ham Xitoyga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Buning uchun mazkur aviakompaniyalar xorij tomonining talabiga muvofiq sertifikatsiyadan o‘tish jarayonini yakunlashi, tegishli ekspluatatsiya ruxsatnomasini olishi zarur.
Dekabr oyida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni shaharlari o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga 70taga yetkazilishi ma’lum qilingandi. BAA bilan ham parvozlar chastotasini oshirishga kelishildi. Dubay va Abu-Dabidan tashqari amirlikning boshqa shaharlariga ham aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.