Dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekistonda dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilgandi.
Senatning 49-yalpi majlisida ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi sabab, Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun muhokama qilindi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.
Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinadi. Noqonuniy harakatlarni sodir etganlar agar dronlar hamda ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod etiladi.
Shuningdek, mazkur toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda.
Jinoyat kodeksining 2444-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda. Bu kabi harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar mazkur qilmishni birinchi marotaba sodir etganlar uchun jinoiy javobgarlik o‘rniga ma’muriy javobgarlik belgilanishi jamiyatda bu turdagi jinoyatlar ko‘payishining oldini olishini qayd etishdi. Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
O‘zbekistonda dronlardan foydalanish
2015-yildan boshlab O‘zbekistonga jismoniy shaxslar tomonidan dronlarni olib kirish taqiqlangan, alohida holatlar bundan mustasno. 2020-yili mazkur taqiqni ko‘rib chiqish uchun petitsiya e’lon qilindi, ammo tashabbus oldinga siljimadi.
Yuridik shaxslar maxsus ruxsatnoma asosida dronlarni olib kirishi va o‘z maqsadlari uchun foydalanishi mumkin. Hozir bu huquqdan asosan qishloq xo‘jaligi tarmoqlari foydalanadi — xususan, qizilmiya yetishtiruvchilar uyushmasi a’zolari shunday huquqqa ega.
2022-yilning noyabrida hukumatning mamlakatda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi qarori tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan, uchuvchisiz uchish apparatlari uchun ruxsat olish tartibi qarorga muvofiq amalga oshiriladi.
Yil boshida prezident O‘zbekistonda dronlarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Iyun oyida dronlar uchun ruxsatnomalarning amal qilish muddatini tekshirish xizmati ishga tushdi.
Iyul oyida esa fuqaro va eksperimental aviatsiyasining parvoz qilish aviatsiya qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Transport vaziri buyrug‘i imzolandi.
Unga ko‘ra, dronlar parvozini bajarish vaqtida fuqaro aviatsiyasi uchuvchisiz uchadigan apparat operatorida ushbu apparatni uchishga tayyorlash va boshqarishga oid qo‘llanma bo‘lishi shart.