Endi avtomototransport vositalarining oldi-sotdi jarayonlarini onlayn tarzda amalga oshirish mumkin. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva xabar berdi.
Bundan avtomobil sotuvchisi “E-notarius” axborot portali orqali foydalanishi mumkin.
Portalga kirganda “Notarial harakatni rasmiylashtirish” bo‘limini tanlab, shaxsiy ma’lumotlarni kiritish kerak, shundan so‘ng notarial harakat amalga oshiriladi.
Sotuvchi solitayotgan avtomototransport vositasini tanlab, uning narxini kiritadi. Shu bilan birga, xaridorning JShShIRini, pasport raqami va seriyasini hamda telefon raqamini kiritishi kerak.
Undan keyin sotib oluvchining telefon raqamiga SMS-xabarnoma yuboriladi. Bunda xaridor havolaga kirib, Face-ID orqali verifikatsiyadan o‘tadi va o‘z roziligini tasdiqlaydi.
Shundan so‘ng, notarius avtomatik tarzda yoki ixtiyoriy ravishda tanlanadi. Notarius esa notarial harakatni rasmiylashtirishga qabul qilib, vaqtni belgilaydi va taraflarning mobil telefoniga SMS-xabarnoma yuboradi.
Belgilangan vaqtda notarius taraflar ishtirokida videokonferensaloqa orqali notarial harakatni rasmiylashtiradi.
Bitimning asl nusxalari esa taraflarga kuryerlik (pochta) xizmati orqali yuboriladi.
Dekabr oyida yangi avtomobillarni bir kishiga sotishni cheklashga qaratilgan qaror qabul qilingandi. Ichki bozordagi talabdan kelib chiqib avtomobil sotuvchisi bir kishi bilan yiliga ikkitadan ortiq shartnoma tuzmaslik huquqiga ega bo‘ladi.