Qatarning tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan kompaniyasi O‘zbekistondan shifokor va hamshiralarni ishga qabul qiladi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Qatarning “Elegancia Healthcare” kompaniyasi vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv o‘tkazildi.
Unda kompaniyaning Qatarda faoliyat yuritayotgan shifoxonalarida ingliz tilida erkin so‘zlasha oladigan o‘zbekistonlik malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qilish masalalari muhokama qilindi.
Qatar tomoni birinchi bosqichda 50 nafar xodimni suhbat asosida ishga qabul qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Keyinchalik yana 20 nafar fuqaro jalb qilinadi.
Bunda suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganlar ish boshlashdan oldin Qatar shifoxonalarida tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv-amaliy kurslarda malaka oshiradi.
Migratsiya agentligi va “Elegancia Healthcare” sohada o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuv imzolashi belgilandi.
“Elegancia Healthcare” Qatarning “Power International Holding” kompaniyasi tarkibiga kiradi. Tashkilot jami 840ta o‘rin, 250ta yuqori malakali shifokor va 400dan ortiq hamshiralardan iborat 4ta ko‘ptarmoqli shifoxonalarga egalik qiladi.
2023-yilning noyabrida Saudiya Arabistoni kompaniyasi o‘zbekistonlik malakali xodimlarni ishga jalb qilishi ma’lum bo‘lgandi. Birinchi bosqichda xizmat ko‘rsatish, aviatsiya, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi hamda qurilish sohalari bo‘yicha fuqarolarni ishga joylashtirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Yaponiyaning qurilish assotsiatsiyasi fuqarolarni ishga qabul qilishi haqida xabar berilgandi. Mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik o‘rnatilgach, fuqarolar qurilish sohasidagi ishlarga tashkillashtirilgan holda jo‘natilishi mumkin.