Avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga turistlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha farmonni tasdiqlagandi.
Hujjat bilan, turistlar uchun infratuzilmani barpo etishni moliyalashtirish chora-tadbirlari ko‘zda tutilgan. Turizm kredit liniyasi oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga kiritiladi.
Loyihalarni moliyalashtirishga $200 mln ekvivalenti kredit liniyasi ochiladi, shundan $150 mlni Turizm qo‘mitasi va tijorat banklari tomonidan xalqaro moliya institutlari va xorijiy davlatlar tashkilotlaridan jalb etiladi.
Kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4%lik punkt yuqori stavkada milliy valyutada beriladi. Davr va miqdor loyihalashtirilayotgan obyekt turiga bog‘liq bo‘ladi:
Obyektlar | Maksimal summa, mln so‘mda | Muddati |
Cho‘milish havzalari (mehmonxonalar hududida) | 200 | 3 yilga (imtiyozli davr — 1 yil) |
Chodirlar (kemping) | 100 | 5 yilga (imtiyozli davr — 1 yil) |
O‘tovlar | 300 | |
Ekouylar | 500 | |
Konteynerlar | 600 | |
Xostellar | 1000 | |
Glempinglar | 1 500 | |
Modulli mehmonxonalar, avtokemping lagerlar (kamida 10ta avtokemping) | 3 000 | |
Akvaparklar | 10 000 | 10 yil |
Bundan tashqari, sayyohlik markazlari hududida zargarlik buyumlari va qimmatbaho metallardan yasalgan quymalarni sotish uchun “oltin qatorlar” yaratish rejalashtirilgan. Ularning qurilishiga mahalliy va xorijiy investorlar jalb qilinadi.
Hujjatda xorijdan sayyohlarni jalb qilish uchun turli davlatlar bilan hamkorlik qilish dasturlari ham belgilab berilgan. Xususan, Xitoy fuqarolariga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekistonda “Alipay”, “UniPay” va “WeChat” orqali to‘lovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Xitoylik sayyohlar uchun mamlakat marketingida asosiy e’tibor madaniy meros, etnografik va tog‘li sayohatlarga qaratiladi. Arab davlatlaridan kelgan mehmonlar uchun ovchilik va qishki turizmga ustuvor ahamiyat beriladi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida targ‘ib qilishda ilmiy (astronomik, botanika) turizmga e’tibor qaratish taklif etiladi. Shuningdek, rossiyalik sayyohlarni gastronomik, ekstremal paketlar, avto va mototsikl turizmi hamda biznes turizmi bilan jalb qilish rejalashtirilgan.
Avvalroq ekohududlarda joylashgan yerlar turistik klasterlar tashkil etish uchun ijaraga berilishi ma’lum qilingandi. 2027-yilgacha cho‘l hududlarida kurort zonalarni va tematik xiyobonlarni tashkil qilgan tadbirkorlarga foyda, yer va mol-mulk soliqlari 50%ga kamaytiriladi.