Yaponiyaning qurilish assotsiatsiyasi o‘zbekistonliklarni ishga jalb qilmoqchi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik va Yaponiya qurilish kompaniyalari assotsiatsiyasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, tomonlar o‘zbekistonliklarni Yaponiyaning qurilish sohasidagi ishlarga tashkillashtirilgan holda jalb etishni muhokama qildi.

Assotsiatsiya vakillari yapon tili va kasbga o‘rgatish markazlari faoliyati, qurilish sohasida ishchilarni kasbga tayyorlash jarayoni bilan tanishish istagini bildirdi.

Avvalroq O‘zbekiston IT-mutaxassislarini Yaponiyaga ishga jo‘natishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Yaponiya IT-kompaniyalari mamlakat bozoriga kirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqadi.

O‘tgan yilda xorijdagi o‘zbekistonliklarning $1,7 mlndan ortiq pullari undirib berildi. Tashkiliy tartibda xorijga ishga joylashtirilgan fuqarolar soni 62%ga yetdi.