Robototexnika startapi “Figure” kompaniyasi “BMW Manufacturing” bilan hamkorlikni imzolaganini e’lon qildi. Bu haqda “ixbt” nashri xabar berdi.
Ikki kompaniya o‘rtasidagi hamkorlik doirasida “BMW” Janubiy Karolina shtatining Spartanburg shahridagi zavodida “Figure” inson shaklidagi robotlardan foydalanishni boshlaydi.
Bu 2022-yilda kompaniya tashkil etilganidan beri imzolangan birinchi tijorat bitimi hisoblanadi.
Ayni paytda robotlar zavod faoliyatiga integratsiyalashishga o‘rgatilmoqda. Biroq, ular aniq nima qilishlari noma’lum. Ular katta ehtimol bilan, kuzov sexida ishlaydi.
Qayd etilishicha, robotlar 20 kggacha yuk ko‘tara oladi va bir marta quvvatlanganda taxminan besh soat xizmat qiladi.
“Figure” kompaniyasining bosh direktori Brett Adkokning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish dastlab oz sonli robotlar bilan boshlanadi.
Adkokning qo‘shimcha qilishicha, agar mehnat unumdorligi ko‘rsatkichlari bajarilsa, ularning soni ortadi.
Robotlar turli ustaxonalarda — kuzov sexi, lavhalarni qayta ishlash, omborxonada ishlab chiqarish jarayonlariga integratsiya qilinadi. Mashinalar birinchi navbatda neyron tarmoqlarni o‘rgatish orqali o‘rgatiladi.
Sun’iy intellektga robot keyinchalik bajaradigan jarayonlar qayta-qayta ko‘rsatiladi. O‘quv jarayoni tugallangach, mashinalar avtonom ishlaydi.
Agar tajriba muvaffaqiyatli o‘tsa, keyinchalik “BMW"ning boshqa zavodlarida ham “Figure"ning odamsimon robotlari paydo bo‘ladi.