Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘istonda bo‘lib turgan va tranzit yo‘nalishida harakatlanayotgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi kunlarda Qozog‘iston hududlarida ob-havoning keskin sovushi natijasida yo‘llarda harakatlanish bilan bog‘liq noqulayliklar yuzaga kelmoqda.
Yaqin haftalar davomida ham sovuq havo harorati saqlanib qolishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqib esa mamlakat darajasidagi avtoyo‘llarda harakatlanish cheklangan.
Agentlik Qozog‘istonda bo‘lib turgan fuqarolardan yo‘llarda harakatlanishda barcha xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishni, xavfsiz transport vositalaridan foydalanishni so‘ramoqda.
Shuningdek, zarurat bo‘lmaganda uzoq masofali yo‘llarda transport vositalarida harakatlanmaslikka chaqirmoqda.
Avvalroq 2023-yilda xorijdagi o‘zbekistonliklarning $1,7 mlndan ortiq pullari undirib berilgani ma’lum qilingandi. O‘tgan yilda tashkiliy tartibda xorijga ishga joylashtirilgan fuqarolar soni 62%ga yetdi.