2023-yil oxirida O‘zbekiston Xitoyga tabiiy gaz eksportini deyarli ikki barobarga qisqartirdi. Bu haqda Xitoy bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Dekabr oyida mamlakatga O‘zbekiston gazining oylik yetkazib berish hajmi noyabr oyiga nisbatan 1%ga kamayib, $54,5 mlnni tashkil etdi. Xitoyga gaz eksporti o‘tgan yozdan beri eng yuqori darajada qolmoqda.
O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekiston Xitoyga $563,53 mlnlik tabiiy gaz eksport qildi, bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 47,4%ga kam.
Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha yetakchilikni 12 oy davomida $9,6 mlrdlik ko‘k yoqilg‘i yetkazib bergan Turkmaniston egallab turibdi. Ikkinchi o‘rinda esa Rossiya tabiiy gaz eksportini deyarli ikki barobarga — $6,43 mlrdga yetkazdi. Keyingi o‘rinlarda Myanma ($1,46 mlrd) va Qozog‘iston ($1,32 mlrd) turibdi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonning xorijga gaz eksporti hajmi $529,9 mlnni tashkil etdi, bu 2022-yilga nisbatan 42,7%ga kam. Dekabr oyida gaz yetkazib berish $20 mlndan oshdi, biroq O‘zbekistondan olingan rasmiy ma’lumotlar Xitoy bojxona statistikasidan 2,5 barobar ko‘rsatkich bilan farq qiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston ham gaz importchisi maqomini mustahkamlab bormoqda. Sentabr oyida Turkmanistondan yoqilg‘i yetkazib berish keskin oshdi. Oktabr oyida esa Rossiyadan Qozog‘iston orqali “Markaziy Osiyo-Markaz” quvuri tizimi bo‘yicha gaz eksporti boshlandi. Gaz eksportidan tushgan daromadlar importni qoplamaydi.
Avvalroq O‘zbekiston dekabr oyida Rossiya gazining kunlik importini ikki barobarga oshirgani haqida xabar berilgandi.