20-yanvar kuni “Yo‘l harakati to‘g‘risida"gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Hujjat bilan yo‘l egasining huquq va majburiyatlari, transport egalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida belgilandi.

Yo‘l qaysi korxona, muassasa, tashkilot yoki fuqarolar ixtiyorida bo‘lsa, ular yo‘l egasi hisoblanadi. Yo‘l egasi esa yo‘llarni qurish, ta’mirlash va rekonstruksiya qilish loyihalarini kelishib olish va tasdiqlashda hamda ta’mirlash ishlarini tashkil etishda ishtirok etish huquqiga ega.

Avtomobilni o‘z xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarish uchun, jumladan, transportning mulkdori yoxud boshqa egasi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga yoki fuqarolik-huquqiy xususiyatga ega shartnomaga asosan boshqaruvchi shaxs transport vositasining egasi bo‘lmaydi.

Transport egalari texnik jihatdan soz transportdan foydalanishi, transportning tegishli malakaga ega va tibbiy ko‘rikdan o‘tgan shaxslar tomonidan boshqarilishiga ruxsat berishi zarur.

Transportdan foydalanish paytida boshqalarning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki mulkiga zarar yetkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni amalga oshirishi shart etib belgilanmoqda.

Shu bilan birga, transport egalari ularning alkogoldan mast holatda yoki psixoaktiv moddalar ta’siri ostida yoxud o‘ta charchoq holatda bo‘lganlar tomonidan boshqarilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Qonunga ko‘ra, mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilar quyidagi huquqlarga ega:

  • ish beruvchidan harakatlanish yo‘nalishi, tashiladigan yuk haqida, o‘z hayoti va sog‘lig‘i uchun mavjud bo‘lgan tahdid to‘g‘risida, zararli va xavfli omillar ta’siridan o‘zining himoya qilinishiga doir chora-tadbirlar haqida ishonchli axborot olish;
  • shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanish;
  • yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha shart-sharoitlarni yaxshilash bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
  • o‘z hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan vaziyatda, tashishni rad etish;
  • yo‘l harakati xavfsizligi sohasida malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tish;
  • mehnat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘z sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi;
  • ish beruvchining yo‘l harakati sohasidagi g‘ayrihuquqiy qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Avvalroq avtomobil oldi-sotdi jarayonlarini onlayn amalga oshirishga ruxsat berilgandi. Sotuvchi ma’lumotlarni E-notarius portaliga kiritadi, so‘ngra notarius videokonferensaloqa orqali bitimni tasdiqlaydi.