9-yanvar kuni Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasida 2024-yilning 1-martidan suv va alkogolsiz ichimliklar uchun markirovkalash joriy etish mavzusida O‘zbekistondagi ichimliklar bozorining qariyb 95%ini tashkil etuvchi biznes vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Dastlab 2022-yilning oktabridan butilkadagi suv va alkogolsiz ichimliklarni markirovkalashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgandi. Biroq, hukumat mazkur talabning kuchga kirishini to‘qqiz oyga kechiktirishni topshirdi.
2023-yilning 30-iyunida, majburiy markirovkalash boshlanishidan bir kun oldin, hukumat bu talabni amalga oshirishni keyingi yilning 1-martigacha kechiktirdi. Qaror “kerakli texnik imkoniyatlarni to‘liq ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish” maqsadida qabul qilingan.
Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 1-apreldan gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m, energetik ichimliklar uchun esa 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘ini joriy etadi.
“Spot” aksiz solig‘i millionlab investitsiyalarni to‘xtatib turishga, ishlab chiqarishning qisqarishi va xodimlarning ommaviy ishdan bo‘shatilishiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi.
Ishlab chiqaruvchilar nima deyishmoqda?
Biznes vakillari raqamli markirovkalashning texnik tomonini asosiy muammo sifatida ko‘rishmoqda. Yirik mahalliy kompaniyalardan biri ishlab chiqarish liniyalarida markirovkalashni amalga oshirishga Rossiya integratori bilan ishlagan, ammo ekspluatatsion qiyinchiliklar, masalan, uskunalar va ehtiyot qismlarni yetkazib berish kabi muammolarga duch kelgan.
Shu bilan birga, Rossiya texnik yechimlari Yevropa texnologiyalariga bog‘liq bo‘lib, bu mamlakatga nisbatan sanksiyalar sharoitida O‘zbekistonda logistikaning murakkablashuvi va qimmatlashishiga olib keladi.
“Agar uskunalar ishdan chiqsa, barcha ishlab chiqarish to‘xtaydi”, — dedi ishlab chiqaruvchilar.
Uchrashuv ishtirokchilari texnologiya chet elda ekanligini hisobga olib, ishdan chiqqan markirovkalash uskunalarini ta’mirlash bir necha oy davom etishi mumkinligini ta’kidlashdi. Bundan tashqari, mahalliy bozorda sanoatni joriy etishni ta’minlash uchun sifatli integratorlar mavjud emas.
Masalan, mahalliy kompaniyalardan biri zarur jihozlarning yetishmasligi natijasida 30 mingta butilkadagi suvni markalash bo‘yicha muvaffaqiyatsiz tajriba o‘tkazdi. Ishlab chiqarishdagi tezlik liniyalari har bir idishni alohida markirovka qila olmagan.
Xususan, mazkur muammoni hal qilish uchun biznes vakillari alohida butilkalar o‘rniga suv va gazlangan ichimliklar bloklarini markirovkalashni taklif qildi, chunki ishlab chiqaruvchilar tovarlarni chakana emas, balki ulgurji sotishadi.
“Biz ichimliklar ishlab chiqarish bilan emas, aksincha, raqamli markirovkalarni yopishtirish bilan band bo‘lib qolamiz”, — deya qayd etishdi tadbirkorlar.
Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchilar mahalliy bozorda suv tanqisligi mavjudligini alohida ta’kidlashdi. Talabning taklifdan oshib ketishi sharoitida markirovkani joriy etish xarajatlarni va yakuniy mahsulot narxini oshiradi, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kamaytiradi. Bu esa iste’mol mavsumida defitsitni keltirib chiqaradi.
Yana bir muammo — mamlakatda elektr ta’minotining barqarorligi. Asosiy ishlab chiqarish quvvatlari jamlangan hududlarda yoz va qish mavsumida elektr energiyasini uzib qo‘yish amaliyoti bilan zaxira elektr ta’minoti mavjud bo‘lmaganida ishlab chiqarishni to‘xtatish xavfi ortadi.
Agar korxonalarda elektr energiyasi bo‘lmasa, raqamli markirovkani qo‘llash imkonsiz bo‘ladi, ularsiz esa ichimliklar ishlab chiqarish mumkin bo‘lmaydi.
Ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, O‘zbekistondagi markirovkalash tizimi operatori “CRPT Turon” bilan hamkorlik qilishdagi xatarlarni qayd etishdi. “Digital Holding” boshqaruv kompaniyasining ustav kapitalidagi sanksiya ostidagi “Digital Invest"ning ulushi 51%dan kamayganiga qaramay, xorijiy kompaniyalar bosh ofisdan “CRPT Turon” bilan hamkorlik bo‘yicha huquqiy xulosani ikkilamchi sanksiyaga tushish xavfi tufayli ololmaslikdan qo‘rqishadi.
Bundan tashqari, biznes vakillari markirovkalash uchun “Data Matrix” shtrix-kodining qimmatligi — QQSsiz bir donasi 68 so‘mni tashkil etishini hamda sotilmagan mahsulotlarga kodlar uchun “CRPT Turon"ga oldindan to‘lov qilish talab etilishidan shikoyat qildilar.
Ishlab chiqaruvchilar bir vaqtning o‘zida raqamli markirovkalash va aksiz solig‘ining joriy etilishi ichimliklar iste’molini 25−30%ga, ishlab chiqarish liniyalari samaradorligini esa 50%ga kamaytirishini kutishmoqda.
Yig‘ilish ishtirokchilari mas’ullar bilan kommunikatsiyalar va qayta aloqaning yo‘qligidan shikoyat qilishdi. Shunday qilib, gazlangan ichimliklar va kontrafakt mahsulotlarning noqonuniy ishlab chiqarilishi to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘qligiga qaramay, markirovkalashni joriy etish sabablari hali ham tushunarsiz holat. Bundan tashqari, markirovkaning ichimliklar sanoatiga ta’siri noaniq bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, biznes sigaretalarga raqamli markirovkalashni joriy etishning salbiy tajribasiga ishora qildi. Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining yaqinda o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda noqonuniy tamaki bozori uch barobarga ko‘payib, 24%dan oshdi, iqtisodiyotga esa har yili 600 mlrd so‘m zarar yetkazilmoqda. Boshqa bir hisobotda iqtisodchilar Yuliy Yusupov va Igor Pugach o‘tgan yilning iyul oyida tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi 24,8%ga, ya’ni 2020-yilning sentabrigacha bo‘lgan muddatga nisbatan deyarli olti baravarga oshganini baholashdi.
CRPT Turon javobi
“CRPT Turon” matbuot xizmatining “Spot"ga ma’lum qilishicha, markirovkalash kodlari ayrim mahsulotlar uchun bepul taqdim etiladi. Masalan, bepul xizmat 0,5 litrgacha bo‘lgan gazsiz suv va ishlab chiqaruvchining maksimal sotish narxi BHMning 1%i bo‘lgan dori-darmonlar uchun amal qiladi.
“Raqamli markirovkalash iste’molchilar, ishlab chiqaruvchilar va hukumatga foyda keltiradi. Xususan, xaridor faqat sifatli va qonuniy tovarlarni sotib oladi, davlat shaffof bozorga ega bo‘ladi, soliq va bojxona to‘lovlarini yig‘ish oshadi, kontrafakt mahsulotlar kamayadi. Markirovkalash ishlab chiqarilayotgan mahsulot brendini himoya qiladi, shuningdek, kontrafakt tovarlarga qarshi kurashda yordam beradi va raqobat uchun teng sharoit yaratadi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Oldindan to‘lov talabiga kelsak, markirovkalash operatori bu talab O‘zbekistonda keng tarqalgan amaliyot ekanligini ta’kidlab, uyali aloqa operatorlari xizmatlarini misol tariqasida keltirdi.
Oldindan to‘lov va buyurtmani olgandan so‘ng, tizim kodlarni ishlab chiqaradi, lekin mablag‘larni hisobdan yechib olmaydi. Shtrix-kodlar yuklanganda, xizmat taqdim etilgan deb hisoblanadi, shuning uchun operator pulni hisobdan yechib oladi.
Soliq qo‘mitasining pozitsiyasi
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining “Spot"ga ta’kidlashicha, tovarlar va kontrafakt mahsulotlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, shuningdek, mahsulotni ishlab chiqaruvchidan to oxirgi iste’molchigacha bo‘lgan zanjir bo‘ylab kuzatib borish va muomaladan chiqarib yuborishga qarshi kurashish maqsadida suv va gazlangan ichimliklar uchun majburiy markirovkaash joriy etilmoqda.
“Shuningdek, majburiy markirovkalash kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashning asosiy usullaridan yana biri hisoblanadi. Raqamli markirovkaning joriy etilishi mahsulot sifatini nazorat qilish hamda xavfsizlik talablariga muvofiqligini oshirishda shaffoflik va xavfsizlikning yuqori darajasini ta’minlaydi”, — deyiladi Soliq qo‘mitasi xabarida.
Markirovkalash ombordagi operatsion samaradorlikni oshirishga, mahsulot sifatini kuzatish va nazorat qilish jarayonini tezlashtirishga, tovarlarni tanlash va sotib olishda iste’molchilar uchun qulaylik va yetarlilikni oshirishga yordam beradi.
Raqamli markirovkalashni joriy etishda quyidagi maqsadlar ko‘zlangan:
- bozorni “oqqa” chiqarish;
- soliq tushumlarining ortishi;
- sifatsiz suv aylanmasini kamaytirish;
- brendlarni qalbakilashtirishdan himoya qilish;
- aholini sifatsiz suv ichishdan himoya qilish.
Mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, “kulrang eksport” hajmi 35−40%ni tashkil etgan. Dastlabki bosqichda raqamli markirovkalash kontrafakt mahsulotlar hajmini 10−15%ga kamaytirishi mumkin, deya qayd etdi rasmiylar.
Tahririyatning raqamli markirovka va aksiz solig‘i bo‘yicha talablarni bir vaqtda joriy etish ishlab chiqaruvchilar uchun ortiqcha emasmi, degan savoliga Soliq qo‘mitasida suvga raqamli markirovkalashni joriy etish masalasi 2021-yildan buyon muhokama qilinayotganini ta’kidlashdi.
Bundan tashqari, tajriba loyihasi amalga oshirildi, zarur maslahat va tayyorgarlik ishlari olib borildi, bu suv ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga markirovkalashni amalga oshirish uchun zarur xarajatlarni ancha oldin rejalashtirish imkonini berdi.