Oliy Majlis Senatining 49-yalpi majlisida ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqildi.
Xususan, “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida"gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirish ixtirolarni yoki foydali modellarni amaliyotga joriy qilinishini ta’minlashga, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga va bozorni to‘ldirishga xizmat qilishi qayd etilgan.
Bundan tashqari, “Reklama to‘g‘risida"gi qonun JSTning Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimida nazarda tutilgan me’yorlar bilan o‘zaro muvofiqlashtirilib, erkin raqobat muhitining yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Qonunga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan xorijda ishlab chiqarilgan pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilish yuzasidan cheklov bekor qilinmoqda. Bu orqali bozorda raqobat muhitini shakllantirish imkoni yaratiladi, deyiladi xabarda.
2022-yil iyun oyida qabul qilingan qonunning amaldagi tahriri faqat mahalliy ishlab chiqarilgan vino va pivo reklamasiga ruxsat beradi. Bu mehmonxonalarda, spirtli ichimliklar do‘konlarida, umumiy ovqatlanish korxonalarida, poezdlar va samolyotlarda, shuningdek, tungi vaqtda televizor va radio orqali amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi qonunga qo‘shimcha me’yorlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra farmatsevtika sohasiga klinik tadqiqotlardan oldingi va klinik tadqiqotlar natijalari bo‘yicha olingan ma’lumotlarni samarali himoya qilish mexanizmini joriy qilish orqali original dori vositalar ishlab chiqaruvchilarning huquqi himoya qilinadi.
“Davlat boji to‘g‘risida"gi qonunga xorijiy investitsiyali hamda mahalliy korxonalarga bir xilda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga qaratilgan o‘zgatirishlar kiritilmoqda.
Ya’ni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji stavkasi BHMning 10 baravaridan 1 barobarigacha (340 ming so‘m) kamaytirilmoqda.
Qonunda ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish uchun patent berishga, rasmiy ekspertiza o‘tkazishga va ma’lumotlarni e’lon qilishga talabnoma berish uchun davlat bojlari miqdorlari Intellektual mulkning savdo jihatlari bo‘yicha JST bitimi talablariga uyg‘unlashtiriladi.
Muhokamadan so‘ng senatorlar mazkur qonunni ma’qulladi.
Avvalroq ITIM O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi iqtisodiyotning 0,5%ga o‘sishini ta’minlashini baholagandi.