2023-yil oxirida nominal daromadlar va turar-joy ko‘chmas mulk narxlari o‘rtasidagi o‘sish tafovuti 20%gacha oshdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida qayd etilgan.

O‘tgan yili ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni 4,4%ga oshib, 335 ming donani tashkil etdi. Oktabr-dekabr oylarida uy-joy bozoridagi faollik uchinchi chorakga nisbatan 10%ga — 83,2 ming bitimgacha sekinlashdi.

“Joriy [2023] yildagi faoliyat asosan ko‘chmas mulk bozorining boshqa investitsiya va jamg‘arma vositalariga nisbatan jozibadorligi sharoitida yuqori talab bilan qo‘llab-quvvatlandi. Yuqori talabga aholi o‘rtasida oktabr-noyabr oylarida sezilarli darajada tezlashgan ipoteka kreditlariga bo‘lgan talab ham ta’sir ko‘rsatmoqda”, — deyiladi hisobotda.

Birlamchi ko‘chmas mulk bozorida narxlar yil davomida 39,6%ga (dollar hisobida 26,9%ga), ikkilamchi bozorda 35,1%ga (dollar hisobida 23%ga) oshdi. Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent, Andijon, Buxoro va Xorazm viloyatlarida ko‘chmas mulk narxlari 40%ga oshdi, bunga, xususan, “infratuzilmani rivojlantirishni jadallashtirish” ta’sir qildi.

2023-yilda milliy valyutada ijara narxlari 8,8%ga oshdi, dollarda esa 1%ga pasaydi. To‘rtinchi chorakda kuchli taklif va talabning sekinlashishi tufayli ijaraga olingan uy-joy qiymati barqarorlashdi.

Ijara narxi eng ko‘p Farg‘ona (21,1%), Buxoro (16,5%) va Toshkent (17,6%) viloyatlarida oshgan. Mamlakatning boshqa hududlarida narxlar o‘rtacha 5−7%ga ko‘tarilgan bo‘lsa, Toshkent shahrida 9%dan ortiqqa pasaygan.

“2023-yilda nominal daromadlar va uy-joy narxlari o‘rtasidagi o‘sish tafovuti 2022-yildagi 4,4%dan 20%ga oshdi. Aksincha, ijara narxlarining barqarorlashuvi natijasida daromadlar va ijara haqi o‘rtasidagi farq manfiy (-5,2%) bo‘ldi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Regulyatorning ta’kidlashicha, jozibador rentabellik va narxlarning ko‘tarilishi fonida davriy ravishda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan talabning oshishi so‘nggi yillarda uy-joy sotib olish qobiliyatining ma’lum darajada pasayishiga olib keladi.

Yanvar oyi boshida Markaziy bank aholiga ipoteka va avtokreditlar berish talablarini kuchaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Regulyator shuningdek, qarz oluvchilarning kredit riskini baholash uchun yangi ko‘rsatkichlarni joriy etishni taklif qilmoqda.

Avvalroq 2023-yilda Toshkentning ikkilamchi ko‘chmas mulk bozoridagi narxlar 40%ga oshgani haqida xabar berilgandi.