Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev Transport vaziriga aholiga transport xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ishlar holati yuzasidan so‘rov yubordi.
Unda qayd etilishicha, aholi sonining muntazam ortib borayotganligi tufayli jamoat transportiga qo‘yilgan talab kuchayganiga qaramay, xizmat ko‘rsatish sifati pastligicha qolmoqda. Hududlarda jamoat transporti vositalari soni yetarli emas va belgilangan harakat jadvallariga rioya etilmaydi, bu esa muammolarni yanada ko‘paytirmoqda.
Yo‘lovchilar avtobus bekatlarida jamoat transportini uzoq muddat kutib qolishi va belgilangan manzillariga o‘z vaqtida yetib bora olmasligi ularning kundalik ishiga ta’sir qilayotgani qayd etilgan.
Ayniqsa, keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, davlat xizmatchilarining sharoitlardan noroziligi, ayrim haydovchilarda muomala madaniyatining yetarli emasligi va yo‘l harakati qoidalariga rioya etmayotgani, bu esa muhokamalarga va mutasaddi tashkilotlarga murojaatlar sonining ortishiga olib kelmoqda.
Ayrim transport vositalarining eskirgani va texnik holatining talabga javob bermasligi harakat paytida baxtsiz hodisalarning ro‘y berish ehtimolini oshirmoqda. Atrof-muhitning ifloslanishi hamda tirbandliklar dolzarb muammoga aylandi.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lganlar uchun avtomobillarga chiqish uchun maxsus moslamalarni o‘rnatish ishlariga yetarli e’tibor berilmayotgani, shaharlararo jamoat transporti hamda bekatlarni rekonstruksiya qilish masalalarida muammolar saqlanib qolayotgani keltirilgan.
Shulardan kelib chiqib, quyidagilar borasida Transport vazirligi tomonidan ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumotlar so‘ralgan:
- aholining yuqori sifatli va qulay yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish;
- jamoat transporti korxonalari faoliyatini moliyalashtirish ishlari hamda sohada raqamli texnologiyalarni joriy etish;
- yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar;
- aholiga jamoat transporti xizmatlari ko‘rsatish, sifatini oshirish;
- muammoli masalalarni hal etish.
Shuningdek, ayrim masalalarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berilishi hamda sohaga doir qonunchilikni takomillashtirishga oid tegishli takliflar taqdim etish so‘ralgan.
Xususan, hududlardagi jamoat transportlari uchun yaratilgan sharoitlar, kunlik yo‘lkira haqi reja-topshirig‘ini bekor qilish, shaharlararo jamoat transportlari qatnovini yaxshilash, chiptalar sotilishi va soha shaffofligida yechimini kutayotgan va korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish kabi masalalar bor.
Dekabr oyi boshida Toshkentda avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar qayd etishni boshlagandi. Videokameralar bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175ta avtomobilni aniqladi.