2023-yil yakuniga ko‘ra, Toshkent shahridagi ikkilamchi uy-joy ko‘chmas mulk bozorida narxlar 40%dan ko‘proqqa oshgan. Bu haqida Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, poytaxt ko‘chmas mulk bozori sezilarli darajada kengayishda davom etmoqda. Bu boshqa hududlar bilan narxlardagi tafovudni oshiradi.
O‘tgan yili ikkilamchi uy-joy narxi 1 kv.metri uchun 10,5 mln so‘mdan 14,9 mln so‘mga oshgan. (dollar hisobida — $933dan $1212gacha).
Ikkilamchi bozorda narxlarning o‘sishi bo‘yicha Mirobod tumani yetakchi bo‘ldi — 37,1%. Yakkasaroy, Chilonzor va Yunusobod tumanlarida uy-joy narxi 30%dan yuqoriga qimmatlashgan. Narxlarning eng yomon dinamikasi Sergeli (20,4%), Olmazor (23%) va Yashnobod tumanlarida (23,5%) kuzatildi.
O‘tgan yili poytaxtda ijara narxi dollar hisobida 9,3%ga arzonlashgan. Talab nisbatan yuqoriligicha qolayotgan Uchtepa va Sergelidan tashqari barcha tumanlarda pasayish kuzatildi.
“O‘tgan davrlarda cheklangan taklif asta-sekin o‘sishda davom etmoqda. Bu, ehtimol, ko‘chmas mulkni sotib olishning ko‘payishi bilan bog‘liq bo‘lib, ularning ba’zilari keyinchalik ijaraga berish uchun maqsadli ravishda foydalaniladi”, — deya qayd etiladi hisobotda.
Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, uy-joy fondining 1%ga o‘sishi bilan ijara narxlari 0,44%ga pasaygan. Ijara uy-joy bozorida taklifning doimiy o‘sishi bilan sotib olish narxi va ijara narxi o‘rtasidagi farq ortib bormoqda.
Bu ko‘chmas mulk uchun sarflangan mablag‘larni qoplash muddatining uzayishiga olib keladi. Agar 2022-yilda sotib olingan, ijaraga berilgan uy-joyning o‘zini oqlash muddati o‘rtacha 7,1 yilni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu 8,2 yilga o‘sgan.
Toshkent shahrida 1 sotix (100 kv.metr)ning narxi 37,6%ga — 263 mln so‘mdan 362 mln so‘mga oshgan. Yer uchastkalari narxining o‘sishi poytaxt hududlari kesimida nisbatan bir xil.
Yer narxlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Yashnobod (32,7%) va Yunusobod tumanlarida (32,6%) qayd etildi. Keyingi o‘rinlarda Sergeli, Chilonzor (har biri 30,4%) va Yakkasaroy (29,1%) tumanlari turibdi. Yer narxlari eng kam Olmazor (9,3%) va Shayxontohur (16%) tumanlarida o‘sgan.
Avvalroq 2023-yilda Toshkentda uy-joy ijarasi narxi 10%ga arzonlashgani haqida xabar berilgandi.