Jahongir Xamidov 2002-yil Andijon viloyatida tug‘ilgan. U dastlab pedagogika sohasiga qiziqib, xorijiy universitetlarga shu yo‘nalishda o‘qishga topshirmoqchi bo‘ladi. Ammo, tasodif orqali o‘z yo‘lini dasturchilikda davom ettiradi.

Hozirda Jahongir Polshadagi Vistula universitetining talabasi, “Backbase” kompaniyasida android engineer bo‘lib ishlamoqda.


Pedagogikadan dasturlashga

2018-yil dekabr oyida, litseyda o‘qib yurgan paytlarimda IELTS imtihonidan 6,5 ball olganman. Bundan asosiy maqsad chet elga ketish bo‘lgan. Bu ball esa o‘zimning pedagog sifatida kichik karyeramni boshlashga yetarli edi.

Besh oyga yaqin vaqt davomida o‘qishdan so‘ng ingliz tilidan o‘quv markazida dars berganman. Aynan o‘sha paytlari pedagogikaga qiziqib qolganman va xorijiy universitetda aynan shu yo‘nalishda tahsil olishni xohlar edim.

Biroq Polshaga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni tayyorlayotgan paytlari fikrim o‘zgarib qoldi. To‘g‘rirog‘i, menga zamonaviy kasbni tanlashni maslahat berishgan. Xorijga universitetga ketishimga ko‘maklashayotgan agentlik xodimi, pedagogika yo‘nalishini tanlaganimni ko‘rib: “uka, yangilikka intiling. Kompyuter sohasini tanlang, keyin menga rahmat aytasiz” degandi.

Shunda o‘ylanib qoldim va javobimni keyinroq aytaman deb uyga borib har ikkala sohani taqqoslay boshladim. Dasturlash ham o‘sha paytlar men uchun qiziq bo‘lgan, chunki litseydagi o‘qituvchim Iskandar Sattibayev darslarining birida o‘zining o‘tmishda omadsizlikka uchragan IT-loyihasi haqida ma’ruza qilgandi. O‘sha payti ular IT naqadar qudratli va tez rivojlanayotgan soha ekanligini tushuntirib bergan edi. Shundan so‘ng dasturlashga bo‘lgan qiziqishim yanada oshdi. Natijada, pedagogika va dasturlash orasida tanlov qilish qiyin bo‘lgan.

Baribir yakunda dasturlash sohasining ustunliklari, pedagogikadan ko‘ra ko‘pligi ya’ni, yuqori maosh, erkinlik, istalgan g‘oyani kod yozish orqali realizatsiya qila olish kabi sabablar bu sohani tanlashimga sabab bo‘lgan.

Polsha va imkoniyatlar

Polshaga kelganimda 17 yoshda edim. Bu menga bir qator qiyinchiliklarni tug‘dirgan. Sababi, 18 yoshdan kichkinalar uchun rasmiy ish topish qiyin edi. Shaxsiy ehtiyojlarimga pul topish uchun shartnomasiz fast food tayyorlaydigan ovqatlanish markazida anchagina past oylikka ishlashga majbur bo‘lganman.

Mamlakatdagi ilk ishim xizmat ko‘rsatish sohasida bo‘lganligi uchun ish vaqtida til bilan muammolarga duch keldim. Polyaklarning aksariyati ingliz tilini bilishsa-da, ularga o‘z ona tillarida xizmat ko‘rsatilishini xohlashadi. Bir tomondan bu men uchun yaxshi bo‘lgan, shu orqali, polyak tilini tezroq o‘rgana boshlaganman.

Polsha imkoniyatlarga boy davlat deb bilaman. Qaysi yo‘nalishda faoliyat yuritishdan qat’i nazar, o‘z ishini yaxshi bajargan inson anchagina yuqori cho‘qqilarga erishishi mumkin. Fikrimcha, aynan shuning uchun ham ko‘p o‘zbek dasturchilari Polshani tanlashyapti. Bu yerda ko‘pgina mashhur kompaniyalar joylashgan bo‘lib, eng yaxshi dasturchilarda ularga ishga kirish imkoniyati yuqori.

Polshada o‘qishni tanlaganimning sabablari — bu davlatning Yevropa Ittifoqi a’zosi ekanligi, o‘qish shartnomasining boshqa aksariyat davlatlariga qaraganda azonligi, talabalar to‘liq stavkali ishlarda ishlay olishi.

Bundan tashqari, talabalarga yaratib berilgan qo‘shimcha qulayliklar, tilining men biladigan rus tiliga yaqinligi, hamda yashash xarajatlarining kamligi ham asosiy sabablardan biri bo‘lgan.

Universitetga kirishda asosiy talab etilgan hujjatlar — IELTS sertifikati hamda litsey diplomi bo‘lgan. Men uchun oliygoh tanlashdagi eng asosiy ikki mezon — dars o‘tish sifati va shartnoma to‘lovining arzonligi edi. Shuning uchun ham Vistula universitetini tanlaganman.

xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Warsawconvention

Backbase tomon yo‘l

Ishga topshirishdan oldin rezyumeni to‘g‘ri yozish va “LinkedIn"dagi sahifani to‘g‘ri yuritish bo‘yicha maqolalar o‘qib chiqqanman. Ularda asosan profil yuritishdagi xatoliklar, so‘zlardan to‘g‘ri foydalanish, rezyumeni vakansiyaga moslab yozish, “Applicant Tracking System” (ATS), qilingan ishlarni raqamlarda ko‘rsatish kabi mavzularda ko‘p foydali ma’lumotlar olganman.

Shu bilimlar asosida rezyume va “LinkedIn"dagi sahifamni qayta yozib chiqib, ishlarga topshirishni boshladim.

Ish qidirishda asosan “LinkedIn”, “justjoin.it”, “Glassdoor”, “Indeed” kabi bo‘sh ish o‘rinlari joylab boriladigan platformalaridan foydalandim. Ular ichida tezroq natija bergani “Linkedin” bo‘ldi. Aynan shu platforma orqali javob xatlari kelgan.

Yevropadagi kompaniyalarga ishga topshirayotganda “Linkedin” profiliga ko‘proq e’tibor berish muhim sanaladi.

“Backbase” kompaniyasiga birinchi intervyu uchun ikki haftadan keyin kompaniya rekruteri men bilan elektron pochta orqali bog‘langan va 5−10 daqiqali suhbatga taklif qilgan. Unda asosan mening oldingi loyihalarim, u yerdagi jamoadoshlar, ishlatgan texnologiyalarim haqida qisqacha aytib berishim kerak bo‘lgan.

Rekruterga suhbat yoqqan va oradan 2 kun o‘tib, ikkinchi 30−40 daqiqalik HR bilan intervyuga taklif xabarini jo‘natishgan. Intervyu kuni va vaqtini bir haftadan keyinga belgilaganman, chunki ko‘proq vaqt menga yaxshiroq tayyorlanish imkonini berar edi.

Suhbat videoqo‘ng‘iroq shaklida bo‘ldi va taxminan 35 daqiqa davom etdi. Bu safargi intervyu oldingisidan ancha farq qildi. Bu suhbatda asosan mening fe’l-atvorim, o‘zimga bo‘lgan ishonchim, muomalam, jamoada ishlay olish qobiliyatlarim qisqa savollar orqali tekshirildi. Bundan tashqari, oldingi loyihalarim haqida yanada batafsilroq aytib berishimni so‘radi. Umumiy qilib aytganda, suhbat yaxshi o‘tdi va yuqori kayfiyatda yakunlandi.

Ishga qabul jarayonining uchinchi bosqichiga o‘tganligim to‘g‘risidagi xabarni uzoq kutmadim va keyingi bosqich uchun kuni va vaqtini belgilashni so‘rashdi. Ikki kundan keyinga belgilangan intervyuda to‘liq “behavioural” bo‘lishi va unda texnik savollar berilmasligi haqida ogohlantirildim.

Bu intervyu men uchun juda qiyin bo‘lgan, chunki unda har bir savolga javob berishda oldingi loyihalarimda yuz bergan holatlardan misollar keltirishimni so‘rashgan. Tajribamda faqatgina bir dona startap uchun qilgan ilovam bo‘lganligi uchun, misollar keltirishda biroz qiynalganman.

xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Glassdoor

Intervyu olayotgan xodimning “O‘zingni 5 yildan keyin qanday tasavvur qilasan?” degan savoliga “Yevropaning yirik kompaniyalarida orttirgan ulkan tajribalarini O‘zbekistonda rivojlantirayotgan va IT-rivojiga katta hissa qo‘shayotgan inson sifatida” deya bergan javobim uni hayron qoldirgan.

Unga aksariyat insonlar bu savolga Yevropada qolishni yoki yanada rivojlangan davlatlarda karyerlarini davom ettirishini aytishgan, mendan bunaqa javobni kutmaganini va uni yaxshi ma’noda hayron qoldirganimni mamnuniyat bilan gapirdi.

Yakuniy intervyu to‘liq texnik savollardan iborat bo‘ldi va savollarga ishonch bilan javob berdim. Savollardan tashqari, intervyu vaqtida menga jonli vazifalar berishdi va turli xil mantiqiy kod yozib berishimni ham aytishdi. Intervyu yakunlanganidan 1 soat o‘tib rekruter suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganimni, meni middle darajasiga loyiq ko‘rishganini, tez orada rasmiy taklif jo‘natilishini aytib xabar jo‘natdi.

“Backbase” — moliyaviy texnologik kompaniya hisoblanadi va dunyo bo‘ylab 300dan ortiq banklar, to‘lov tizimlari va turli moliyaviy kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Kompaniyaning asosiy vazifasi hamkorlarining moliyaviy tizimlarini raqamlashtirishdan iborat.

Bu yerdagi asosiy vazifam kompaniya hamkorlaridan biri Saudiya Arabistonining “Banque Saudi Fransi” banki mijozlari uchun mobil ilova yaratishdan iborat. Kompaniya to‘liq onlayn yoki ofisdan turib ishlash imkoniyatini beradi. Ikkala shaklning ham o‘ziga yarasha qulay va noqulay taraflari bor. Men hozirda to‘liq onlayn shaklda uydan turib ishlayman, bunga sabab — ishxonam ofisi va universitetim boshqa-boshqa shaharlarda joylashgan.

Xatolar va qiyinchiliklar. Faoliyatimdagi dagi eng katta xatolardan biri bu Polshaga endi kelganimda bor e’tiborimni faqat universitetga va pul topishga qaratib, dasturlashni mustaqil o‘rganmaganimda, deb bilaman. Dasturchi bo‘lish uchun universitetdagi bilimlar yetarli emasligini kechroq tushunib yetganman. Asosiy vaqtimni imtihonlarga va ishlab shartnoma pulini to‘lashga sarflaganman. Natijada, menda sohaga chuqurroq kirish jarayonlari kech boshlangan.

Yevropada 4 yildan ko‘p vaqt yashadim va bu menga ancha narsalarni taqqoslash imkonini berdi. Bilimni muhim deb bilganlar hozir pulni ustunroq qo‘yganlardan ko‘proq daromad topib, davlatiga va jamiyatga o‘z hissasini qo‘shishmoqda.

Xulosam shuki, ko‘proq o‘qish, oddiy ishchi bo‘lib qolib ketish emas, maqsadni kattaroq qo‘yish kerak.

Daromad va ishdagi sharoitlar

Dasturlash sohasidagi ilk ishim Polshada o‘qiyotgan paytimda mobil ilova yasashni endi o‘rganayotgan vaqtlarimda bo‘lgan. Bir tanishim kichik startapi uchun ilova yasab berishimni iltimos qilgan edi. Ilova asosan ko‘chmas mulk sohasi bilan bog‘liq bo‘lgan va foydalanuvchilarga uy-joy sotish va sotib olishga yordam bergan.

U payt ilova yasashni endi o‘rganayotganim, startapda boshqaruv va rejalashtirish yaxshi bo‘lmagani sababli — ilova 10 oyda tayyor bo‘lgan. Bu ishim uchun $150-$200 atrofida maosh olganman. Bu pul kamdek ko‘rinishi mumkin. Menga eng muhim narsa noldan butun boshli dasturni yasab, katta tajribaga ega bo‘lish edi.

Bu loyihani tugatsam menda yaxshi portfolio shakllanishi va Polsha IT-bozoriga osonroq kira olishimni o‘ylaganman. Aynan o‘sha ilova ustida ishlayotgan vaqtlarim juda ko‘p narsani o‘rgandim. Bu loyiha o‘sishimga ham katta yordam bergan, deb bilaman.

Uni tugatib Polshadagi kompaniyalarga ishga topshirishni boshlaganimdan keyin, meni to‘g‘ridan-to‘g‘ri middle android muhandisi sifatida “Backbase” kompaniyasiga qabul qilishgan. Arzonga bo‘lsa ham, tajriba uchun ishlaganim kelajakda juda qo‘l keldi.

Polshada dasturchilarning oylik maoshlari ularning darajasi, bilimi va kompaniyalariga qarab farq qiladi. Misol uchun, O‘zbekistonda:

  • junior : $500 — $1500;
  • middle: $1700 — $3500;
  • senior: $3500 — $6500.

Polshada esa oyliklar nisbatan balandroq:

  • junior: 1500−3000$;
  • middle: 3500−5500$;
  • senior: 6000−11000$.

Bu narxlar o‘rtacha hisoblangan, ko‘rsatkichlar kompaniyalar va dasturchilarning qobiliyatlariga qarab farq qilishi mumkin. Shuni ham inobatga olish kerakki, O‘zbekiston hududida ishlayotgan ko‘p dasturchilar masofadan turib Yevropa va Amerika kompaniyalari uchun ham ishlashadi. Buning hisobiga, Yevropa darajasidagi maoshni ham olishadi. Bundan tashqari, ayrim dasturchilar, bir vaqtda bir nechta kompaniya uchun ishlaganliklari sababli ham ularning daromadi yuqori.

Men hozirda faoliyat yuritadigan kompaniya o‘z ishchilariga juda ko‘p qulayliklar yaratib bergan. Masalan, sug‘urta, sport zallari va ko‘ngilochar joylar uchun vaucherlar, til sertifikatlari va o‘quv kurslari uchun mablag‘, ikki mahal bepul ovqat, mevalar, ichimliklar, playstation, stol tennisi kabi harakatli faoliyatlar, ish vaqtidan tashqari ishlagan har bir soat uchun ikki marta ko‘proq maosh va bonuslar.

xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Glassdoor

Polshaning yaxshi va yomon taraflari

Polshada menga yoqadigan jihatlar talaygina. Misol uchun, avtomobillarning yo‘lda tartibli harakatlanishi, ko‘chalarning tozaligi, jamoat transporti rivojlanganligi va odamlarning navbatda turish madaniyatining yuqoriligi. Bundan tashqari, bu yerda shaharning juda katta qismida velosiped yo‘lakchalari mavjud va aholi shahar markazida ham velosipeddan transport sifatida bemalol foydalanishi mumkin.

Yana bir menga yoqadigan jihatlaridan biri — Varshavada yashovchi aholining juda katta qismi ingliz tilida bemalol muloqot qila oladi. Shaharga kelgan va doimiy yashaydigan chet elliklar uchun muloqotda deyarli muammoga duch kelishmaydi.

Ammo, chet el fuqarolari, hatto talabalar ham, vaqtinchalik yashash kartasini olish uchun juda uzoq vaqt kutishadi. Bunga sabab qilib navbat kattaligi ko‘rsatiladi, ammo boshqa chet elliklar ko‘p istiqomat qiluvchi Yevropa davlatlarini ko‘radigan bo‘lsak, ularda bunday muammolar deyarli kuzatilmaydi. Keyingi kichik kamchiligi, yakshanba va bayram kunlari aksariyat supermarketlar ishlamasligida. Bu jihati ham kichik bo‘lsa-da, odamlarga noqulaylik tug‘diradi.

xorijdagi o'zimiznikilar

Foto: Jahongir Hamidovning shaxsiy arxividan

IT’ning O‘zbekistondagi rivoji katta

Oxirgi 5 yilda O‘zbekistonda IT-sohasi yanada rivojlandi. Ko‘plab o‘quv markazlar, maktablar, IT-parklar tashkil etildi. Bundan tashqari bir qancha katta kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kirib keldi. O‘ylaymanki, keyingi 5 yillikda chet elning top kompaniyalarida ishlovchi o‘zbek dasturchilarining soni keskin ortadi.

Bundan tashqari, o‘zimizda ham kuchli IT-markazlari paydo bo‘ladi, deb o‘ylayman. Umumiy qilib aytganda, IT ning O‘zbekistondagi rivojini yuqori deb bilaman.

Rejalar. Maqsadlarim haqida gapirishni uncha yoqtirmayman. Shunday bo‘lsa-da, rejalarimdan bittasi bilan bo‘lishmoqchiman. Yaqin orada dunyoning mashhur kompaniyalarining biriga ishga kirib, ulkan tajribaga ega bo‘lmoqchiman. O‘ylaymanki, gigant kompaniyalarda olingan tajriba bilan yurtimiz IT-rivoji uchun kichik bo‘lsa-da hissamni qo‘sha olaman.