Toshkentda Xitoyning “Eksport-import banki"ning mintaqaviy ofisi ochiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy raisi Si Szinpinning rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokidagi muzokaralarda ma’lum qilindi.
Xitoydan O‘zbekistonga investitsiyalar hajmi besh barobar, qo‘shma korxonalar soni esa uch barobarga oshgan. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda $20 mlrdga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekistonda Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” professional ta’lim tizimini joriy qilish bo‘yicha pilot loyiha boshlanganini ta’kidladi.
Toshkentda Xitoy “Eksimbanki"ning Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy ofisi ochiladi. Prezident bankning mazkur qarorini yuqori baholadi.
Avvalroq, prezident Xitoy “Eksport-import banki” raisi Vu Fulinni qabul qilgandi. Ofis ochish hamda transport va ijtimoiy infratuzilma, sanoat va xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni shakllantirish rejalari ko‘rib chiqilgandi.
Si Szinpin bilan kechgan uchrashuvda “Bir makon, bir yo‘l” doirasida “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, ta’lim va turizm sohasida hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro madaniyat kunlarini hamda, Qo‘shma Yoshlar innovatsiya forumini o‘tkazish taklif qilindi.
Avvalroq, prezident Xitoy bosh vaziri Li Syan bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.