Janubiy Koreyaning “Korean Air” aviakompaniyasi Seul-Toshkent-Seul yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlarni to‘xtatmoqchi. Ushbu xabarga birinchi bo‘lib “Tashkent Sky News” “Telegram” kanali e’tibor qaratdi.

Aviatashuvchi matbuot xizmati “Spot"ga 1-martdan O‘zbekistonga parvozlar to‘xtatilishi haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Parvozlarning to‘xtatilishiga sotuvlarning pasayishi va aviakompaniya siyosatining o‘zgarishi sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, shu kundan boshlab “Korean Air” rasmiy saytida Seul — Toshkent yo‘nalishida, shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalishda aviachiptalar mavjud emas.

“Korean Air” call-markazi O‘zbekiston bilan reyslar qayta tiklanishi mumkinligi haqidagi savolga javob bermadi va ayni damda Toshkentga parvozlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ta’kidladi.


Avvalroq “Spot” “Red Wings” Qozon-Namangan yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar bergandi.

12-fevraldan boshlanadigan muntazam parvozlar haftada bir marta — dushanba kunlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, Ispaniyaning “World2Fly” aviakompaniyasi Urganch va Toshkentga charter reyslarini yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.

Parvozlar ikki bosqichda — birinchisi 8-maydan 12-iyungacha, ikkinchisi 4-sentabrdan 30-oktabrgacha amalga oshiriladi.