Shavkat Mirziyoyev 15-yanvar kuni mamlakatda tadbirkorlarning barqarorlik reytingini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

23-yanvar kuni mazkur reytingni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Taqdimotda platforma 1-martgacha ishga tushirilishi qayd etilgandi. Biroq, yuqoridagi qaror bilan Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi 1-fevraldan joriy etilishi belgilangan.

Reyting qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirishni nazarda tutadi hamda unda tadbirkorlar quyidagi toifalarga ajratiladi:

  • “AAA”, “AA” va “A” toifalar — yuqori barqarorlik reytingi;
  • “VVV”, “VV” va “V” toifalar — o‘rta barqarorlik reytingi;
  • “CCC”, “CC” va “C” toifalar — qoniqarli barqarorlik reytingi;
  • “D” toifa — quyi barqarorlik reytingi.

Reyting Soliq qo‘mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik shakllantiriladi. Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida esa e’lon qilib boriladi.

Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar har yili 20 avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Biroq, jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno. Shuningdek, QQS summasi o‘rnini qoplash bir kunda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi.

4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan “AA” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlarga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Bunda kamida 15% miqdoridagi dastlabki to‘lov bir yo‘la amalga oshirilganda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanmaydi hamda bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddati 5 yilgacha uzaytiriladi.

“A” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlarga soliqlar bo‘yicha (QQS bundan mustasno) mavjud ortiqcha to‘lov summasini qaytarish 3 kunda amalga oshiriladi. Tovarlarni (xizmatlarni) import va realizatsiya qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi tatbiq etiladi.

2024-yilning 1-aprelidan tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi.

2023-yilning noyabrida Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarning ishonchlilik reytingini joriy qilish nizomini tasdiqlash haqidagi qarori loyihasini muhokamaga qo‘ygandi. Unda tadbirkorlar faoliyati umumiy, ballarni kamaytiruvchi hamda qo‘shimcha ball beruvchi quyidagi mezonlar bo‘yicha baholanishi qayd etilgandi:

Umumiy mezonlar:

  • tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish davri;
  • EBITA bo‘yicha rentabellik darajasi;
  • bank krediti tarixi holatining ijobiyligi;
  • yer maydonlari (jumladan qishloq xo‘jaligi uchun uzoq muddatli ijaraga ajratilgan) va mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida ko‘chmas mulk obyektlari mavjudligi (ijara shartnomalari hisobga qo‘yilganligi);
  • iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha bir nafar xodimga to‘g‘ri keladigan ish haqi jamg‘armasining nisbati;
  • soliq hisobotlarining belgilangan muddatlarda taqdim etilishi;
  • hisoblangan soliq summasining belgilangan muddatlarda to‘lanishi;
  • hisoblangan soliq summasi to‘lov topshiriqnomasi orqali amalga oshirilganligi;
  • elektron hisobvaraq-fakturalar qonunchilikda belgilangan muddatlarda rasmiylashtirilganligi;
  • elektron hisobvaraq-fakturalar orqali yil davomida xarid qilingan tovarlar realizatsiyasi amalga oshirilishi (yil boshi va yil oxiridagi tovar, asosiy vosita qoldiqlari hisobga olgan holda);
  • tekshiruvdan oldingi tahlil natijasida aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi holati.

Ballarni kamaytiruvchi mezonlar:

  • oxirgi 12 oy davomida soliq organlarida hisobda turgan joy o‘zgartirilishi;
  • korxona rahbarining qo‘nimsizligi (ohirgi o‘n ikki oy davomida uch va undan ortiq marotaba o‘zgartirilganda);
  • ta’sischi yoki rahbar (mulkdor)ning ishonchsizligi;
  • taqdim etilgan soliq hisobotlariga tuzatishlar soliq to‘lovchining o‘zi tomonidan ixtiyoriy kiritilishi;
  • QQS to‘lovchisi maxsus guvohnoma holati;
  • soliq qarzining mol-mulk hisobidan undirilishiga qaratilganligi;
  • yuridik shaxs va (yoki) uning mansabdor shaxslariga nisbatan soliq yoki bojxonaga oid huquqbuzarliklar uchun ma’muriy, jinoiy
    yoki boshqa javobgarlik choralari ko‘rilganligi.
  • mahsulotlar (tovar va xizmatlarning) identifikatsiya kod (MXIK)laridan noto‘g‘ri foydalanilganligi;
  • tadbirkorning kreditor qarzdorligi holati.

Qo‘shimcha ball beruvchi mezonlar:

  • tadbirkor tomonidan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ijtimoiy reyestrdagi va nogironligi bo‘lganlar bandligi ta’minlanganligi;
  • o‘tgan hisobot davriga nisbatan (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ortiq ish haqi olgan) xodimlar sonining ortishi (yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari uchun o‘tgan oyga nisbatan solishtiriladi);
  • iqtisodiy faoliyat turlariga muvofiq QQS bo‘yicha bir oylik hisoblangan soliq summasining o‘rtacha nisbati;
  • iqtisodiy faoliyat turlariga muvofiq aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha hisoblangan soliq summasining o‘rtacha nisbati.

Avvalroq yangi kichik biznes loyihalarini moliyalashtirishga qariyb $7 mlrd yo‘naltirilishi ma’lum qilingandi. Ish beruvchilarga yordamga muhtoj fuqarolarni ishga joylashtirganliklari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining bir qismi kompensatsiya qilinadi.