Adliya vazirligi 20-yanvardan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasini boshladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Aksiya 20-martgacha o‘tkazilib, uning doirasida quyidagi shaxslarga yordam beriladi:
- tug‘ilishi qayd etilmaganligi sabab shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmaganlar;
- yaqin qarindoshining o‘limi qayd etilmaganlar;
- yuqoridagi ikkita holat bo‘yicha tibbiy ma’lumotnomaga ega bo‘lmaganligi sabab, yuridik faktni belgilash yuzasidan sudlarga murojaat qilishi lozim bo‘lganlar;
- tadbirkorlikni davlat ro‘yxatdan o‘tkazishda yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolarga duch kelayotganlar;
- ko‘chmas mulklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelayotganlar.
Vazirlik matbuot xizmatining qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda mazkur aksiyani “o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bilan bog‘liq aksiya” sifatida noto‘g‘ri talqin qilish holatlari kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan vakolatli tashkilotlarga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha murojaat qilish holatlari uchramoqda.
Biroq, aksiya doirasida ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lsa, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda amaliy yordam ko‘rsatish belgilangan.
Fuqarolarning shu va boshqa turdagi murojaatlari hududlardagi adliya bo‘limlarining maxsus shtablari yoki 1148 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali qabul qilinadi.
Avvalroq Davaktiv agentligi IT-kompaniyalarni bo‘sh turgan binolarga bepul joylashtirish bo‘yicha arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi. Har bir hududda murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun mas’ul xodimlar biriktirilgan.