BMT ekspertlari relokantlarning qaytishi sababli MDH banklari uchun xatarli bo‘lishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda tashkilotning “Dunyodagi iqtisodiy vaziyat va 2024-yilgi prognozlar” hisobotida ma’lum qilindi.

Hisobotda qayd etilishicha, safarbarlikning boshlanishi fonida ruslarning ko‘chishi MDH mamlakatlari banklarini relokantlarning mablag‘lariga qaram qilib qo‘ydi. Odamlar va kapitalning kirib kelishi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Armaniston, Gruziya va ozroq darajada Ozarbayjon bank sektoriga keskin ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Bunga bir necha omillar — Rossiyadan pul o‘tkazmalari, shu jumladan, rezidentlarga ish haqining o‘sishi, mamlakatni tark etmagan ruslar tomonidan yangi hisob raqamlarining ochilishi bilan bog‘liq.

MDH banklari sanksiyalar fonida Rossiya fuqarolariga tezkor xizmat ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishdi, deyiladi BMT hisobotida. Bu tendensiya, ayniqsa, 2023-yil davomida shaxsiy pul o‘tkazmalari va tushumlar yuqoriligicha qolgan Armaniston va Gruziyada sezilarli bo‘ldi.

Gruziyada norezident depozitlarining ulushi 2022-yilning mayidagi 14,5%dan 2023-yil iyun oyida 18,1%ga ko‘tarildi. Armanistonda esa ulush 2022-yilning martidagi 20,7%dan, 2022-yilning oktabr oyida 29,5%ga yetdi.

Mualliflarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022-yilda norezident depozitlari umumiy omonat o‘sishidan 17,5%ga oshgan.

Qayd etilishicha, MDH mamlakatlari banklari uchun jiddiy xavf Ukraina mojarosining keskinlashuvi davrida ko‘chib kelganlarning muhim qismining ketishi yoki uchinchi davlatlarga ko‘chirilishi bo‘lishi mumkin.

Bu depozit mablag‘larining katta miqdorda chiqib ketishiga olib kelishi mumkin, bu esa bank tizimlarini moliyalashtirishga og‘riqli zarba bo‘ladi.


Avvalroq “Spot” 2023-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi deyarli ikki barobarga kamaygani haqida yozgandi.

Bunga rublning o‘zgaruvchanligi, inflyatsiyaning o‘sishi hamda migratsiya oqimining qisqarishi ta’sir qilgan.