“Yandex Eats” yetkazib berish xizmati Andijonda ham ishga tushirildi. Bu haqda “Spot"ga “Yandex Go” matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Andijonda faoliyat boshlash mantiqiy qadam bo‘ldi va xizmat geografiyasini yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Foydalanuvchilarimizga restoranlarning keng tanlovi hamda ulardan tez yetkazib berishni, hamkorlarimizga esa o‘z bizneslarini tizimli rivojlantirishda yordam beruvchi qulay platformani taklif qilishni maqsad etganmiz”, — deydi “Yandex Eats Uzbekistan” bosh direktori Stanislav Datsko.

Ayni vaqtda Andijon shahridagi 30dan ortiq restoranlar “Yandex Eats"ga ulangan, jumladan: “Oqtepa Lavash”, “KFC” va boshqalar.

Hamkorlar ro‘yxati muntazam yangilanadi va shu bilan birgalikda buyurtma qilish mumkin bo‘lgan taomlar va mahsulotlarning assortimenti oshadi.

Buyurtmani xuddi shu nomdagi “Yandex Eats” ilovasi yoki “Yandex Go"ning tegishli bo‘limi orqali berish mumkin.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, “Yandex Eats” yetkazib berish xizmati yaqin kunlarda Farg‘onada ham ishga tushiriladi.


Avvalroq “Spot” “Yandex Eats” yetkazib berish xizmati Toshkentda va Samarqandda ishga tushirilgani haqida yozgandi.