AQSh Federal Aviatsiya boshqarmasi (FAA) “Boeing” kompaniyasiga “Max” samolyotlarini, jumladan 737 Max 9 samolyotlarini ishlab chiqarishni kengaytirishga ruxsat bermasligi haqida ogohlantirdi.
“Biz sifat nazorati bilan bog‘liq barcha masalalar hal bo‘lganiga ishonch hosil qilmagunimizcha, kompaniyaning hech qanday so‘rovini qabul qilmaymiz”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, departament tomonidan parvozi vaqtincha taqiqlangan 171 dona “737 Max 9” rusumli havo kemalarini tekshirish va texnik xizmat ko‘rsatishning yangilangan tartibi tasdiqlandi.
Xususan, bir qator murvatlar, yo‘riqnomalar, eshik tiqinlari va boshqa mahkamlagichlarni tekshirishni kuchaytirdi. Samolyot barcha amalga oshirilgan jarayonlardan so‘ng ijobiy xulosa olinsa, xizmatga qaytishi mumkin bo‘ladi.
Yanvar oyida samolyot lyukining qulashi hodisasidan oldin “Boeing” yangi “737 Max” ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirmoqchi va “737” model ishlab chiqarishni oyiga 38 donaga yetkazmoqchi edi.
“Boeing 737 liniyasi kompaniyaning daromad va foydaning asosiy manbai, dedi “Bloomberg” nashri.
Ishlab chiqarishni kengaytirish “Boeing"ga nafaqat biznesdagi qarz yukini kamaytirishga, balki raqobatdosh “Airbus” har oyda 50 ga yaqin A320 samolyotlarini ishlab chiqaradigan bozorda o‘z mavqeini mustahkamlashga yordam beradi.
2024-yilning 5-yanvarida “Alaska Airlines” aviakompaniyasining “Boeing 737 Max 9” samolyoti parvoz vaqtida qulab tushgan lyuk tufayli Portlendga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi.
6-yanvar kuni AQSh Federal Aviatsiya boshqarmasi 171 ta “Boeing 737 Max 9” samolyotining parvozini vaqtinchalik to‘xtatdi.
Bu qaror Yevropa, Turkiya va Britaniya regulyatorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
8-yanvar kuni “United Airlines” aviakompaniyasi ichki tekshiruvlar natijasida “Max 9"ning turli qismlarida bo‘shashgan murvatlar aniqlanganini ma’lum qildi.
Bir kundan keyin “Alaska Airlines” ham xuddi shunday xabar berdi.
“Boeing” kompaniyasi bosh direktori Devid Kalxun vaziyatga mutlaqo shaffoflik bilan yondashishga va’da berdi.
Tez-tez uchraydigan xavfsizlik muammolari “737 Max"ni aviatsiya tarixidagi eng bahsli modelga aylantirdi.
Masalan, “Max 8” samolyotlari Jakarta va Addis-Abeba yaqinida qulagan. Birinchi holatda 180 dan ortiq, ikkinchisida esa 150 dan ortiq odam halok bo‘ldi.
Shundan so‘ng regulyatorlar “Max” samolyotlari parvozlarini deyarli ikki yilga taqiqladi.