Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida mamlakatning “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida avtomobillar va boshqa turdagi texnikalarning ishlab chiqarilayotgan va kelgusi modellari, yangi texnologiya va ishlanmalar namoyish etildi.
Davlat rahbari kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.
Prezident yaqin istiqbolda bozordagi talabdan kelib chiqib modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming donagacha oshirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.
Shuningdek, kompaniyaning mamlakatda “BYD” elektrobuslarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish, ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish va muhandislik-servis markazlarini tashkil etish borasidagi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Tashrif davomida kompaniya O‘zbekistonga 10 minginchi avtomobilini yetkazib berganining ramzi sifatida davlat rahbariga “YANGWANG U8” avtomobili hadya etildi.
2022-yilning fevralida “O‘zavtosanoat” rahbari o‘rinbosari Aziz Shukurov O‘zbekiston Xitoyning “BYD” kompaniyasi bilan elektromobillar ishlab chiqarishda hamkorlik qilish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
Aprelda kompaniya bilan hamkorlikda elektromobillar va elektroavtobuslar ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganilishi ma’lum qilindi. Yil yakuniga kelib esa “BYD” va “O‘zavtosanoat” qo‘shma korxona tashkil etishi ma’lum bo‘ldi.
2023-yilning fevralidan kompaniya O‘zbekistonda avtomobillarni sotishni boshladi. Sentabrda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va “BYD” kompaniyasi O‘zbekistonda gibrid va elektr avtomobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish bo‘yicha bitim imzoladi.
Unga ko‘ra, kompaniya va “O‘zavtosanoat” tomonidan mamlakatda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi tashkil etilishi belgilandi.