O‘tgan yil oxirida jismoniy shaxslarga berilgan avtokreditlar hajmi ikki barobardan ko‘proqqa kamaydi. Bu haqda 25-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi, deb xabar berdi “Spot” muxbiri.
2023-yilning yanvar-may oylarida avtokreditlashning oylik sur’ati ikki barobarga — 2,12 trln so‘mdan 4,47 trln so‘mga oshdi. Sentabr oyida avtokreditlar berishga cheklovlar joriy etilgungacha ularning oylik hajmi, iyun oyida kuzatilgan 3,19 trln so‘mgacha pasayishdan tashqari, 4 trln so‘mdan oshgan.
“Biz [aholi uchun] avtokreditlar berishning o‘sish sur’atlarini sezilarli darajada to‘xtata oldik. Agar may-avgust oylarida kredit berish o‘rtacha [oyiga] 4 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hozir (dekabrda — „Spot“ izohi) biz buni qariyb 1,8 trln so‘mgacha to‘xtatib turishga muvaffaq bo‘ldik”, — dedi Markaziy bank raisi Nurmuratov.
2023-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda berilgan avtokreditlar hajmi qariyb ikki baravarga — 19,59 trln so‘mdan 36,55 trln so‘mgacha oshgan.
Avtokreditlash segmentida yetakchi “Kapitalbank” bo‘ldi. O‘tgan yili bank tomonidan berilgan avtokreditlar jami hajmning uchdan biridan ortig‘ini, ya’ni 12,62 trln so‘mni tashkil etdi.
May oyida “Kapitalbank” tomonidan 2,1 trln so‘mlik avtokreditlar berilib, o‘sha oydagi umumiy hajmining deyarli yarmini tashkil etdi.
Keyingi o‘rinlarda sezilarli kechikish bilan “Asakabank” (3,8 trln so‘m), “Hamkorbank” (3,68), “Davr bank” (2,37), “Ipoteka bank” (2,2) va “O‘zmilliybank” (2) turibdi.
Yanvar oyida Markaziy bank aholiga avtokreditlar berish bo‘yicha talablarni kuchaytirish rejalashtirilayotganini e’lon qildi.
Xususan, bozorda mumkin bo‘lgan sun’iy oshirilgan narxlar bilan bog‘liq yuqori risklar tufayli avtokreditlar bo‘yicha “kredit/garov” nisbatini 75% qilib belgilash taklif qilinmoqda.
Avvalroq 2023-yilda aholiga ipoteka kreditlari ajratish 17%ga oshgani haqida xabar berilgandi.