Gruziyaning “Geo Sky” aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi. Bu haqda “O‘zaviatsiya” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 24-yanvar kuni tomonlar o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim asosida ekspluatatsion ruxsatnoma berildi.
Aviakompaniya Tbilisi-Toshkent-Tbilisi yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni “Georgian Wings” brendi ostida parvozlarni yo‘lga qo‘yadi.
Poytaxtlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar 149 yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737−300 rusumli havo kemalarida amalga oshiradi. Harakat 20-fevraldan boshlab haftasiga ikki marotaba — seshanba va shanba kunlari olib boriladi.
“Geo Sky” 2017-yilda tashkil etilgan. U Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi reyslarga ixtisoslashgan yuk tashish, shuningdek, Gruziya, Moldova, Ozarbayjon, endilikda O‘zbekiston o‘rtasida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq “Centrum Air” aviakompaniyasi apreldan Toshkent va Tbilisi o‘rtasida parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, xususiy aviatashuvchi maydan O‘zbekiston poytaxtidan Batumiga parvozlarni qayta tiklaydi.