Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyati o‘rganilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, poytaxt atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani sabab, Zangiota, Toshkent, Qibray, Yangiyo‘l tumanlarida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan turli murojaatlar yuzasidan ekologik monitoring o‘tkazildi.
Qayd etilishcha, ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar atmosfera havosi ifloslanishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Oxirgi besh yilda iqtisodiyotda ko‘mir iste’molining o‘sish sur’ati 22%dan oshdi. Agar 2018-yilda 6,8 mln tonna ko‘mir ishlatilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 8,3 mln tonnadan ortdi.
Monitoring davomida issiqxonalarda foydalanilayotgan yoqilg‘i turlari, yoqish qurilmalarining holati to‘liq xatlovdan o‘tkazilmoqda. Ularga berilgan davlat ekologik ekspertizasining xulosalarida belgilangan me’yorlarga rioya etilganligi o‘rganilmoqda.
Shu bilan birga, issiqxonalarda atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy tashlanma manbalardan hosil bo‘ladigan ifloslantiruvchi gazlarni tozalash qurilmalari o‘rnatilganligi ham tekshirilmoqda.
Har bir issiqxonaga qonuniy tartibda faoliyat ko‘rsatish lozimligi, qarshi holatlarga chora ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilmoqda.
Avvalroq Toshkentda 160ta korxona chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirilgandi. Ogohlantirish xatlari atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning birinchi va ikkinchi toifasiga kiruvchi korxonalarga jo‘natilgan.