Birinchi chorak oxirigacha va “Uzcard” va “HUMO” to‘lov tizimlarini to‘liq integratsiyalash rejalashtirilgan. Bu haqda 25-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev ma’lum qildi, deb xabar beradi “Spot” muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab istalgan kartalar bilan ishlashni ta’minlash uchun terminallarni integratsiyalash o‘tgan yilning oxirigacha yakunlanishi kerak edi.
Shu paytgacha ular turli dasturiy ta’minotdan foydalanishgan. Terminallar integratsiyalashuvining kechikishi texnik jarayon hisoblanadi.
“Yil boshida ushbu [terminal integratsiyasi] uchta bankda — “Trustbank”, “InfinBank” va “Apex Bank"da test rejimida ishga tushirildi. O‘ylaymanki, birinchi chorak yakunigacha integratsiya jarayoni butun bank tizimida yakunlanadi”, — dedi raisning birinchi o‘rinbosari Saydullayev.
“HUMO” hamda “Uzcard"ning integratsiyalashuvi 2020-yilda rejalashtirilgandi. 2021-yilga kelib tomonlar bu bo‘yicha memorandumni imzoladi.
O‘sha yilning dekabriga kelib, tomonlar integratsiyalashuvning birinchi bosqichini yakunladi hamda to‘lov tizimi terminallari bir-birining kartalarini qabul qilishni boshlashi ma’lum qilindi.
2023-yilning mart oyida “HUMO” va “Uzcard” to‘lov tizimlarining o‘zaro integratsiyasini yil yakunigacha amalga oshirish bo‘yicha prezidentning tegishli qarori qabul qilindi. Toshkentda 1-maygacha savdo shoxobchalarining kassalarida naqd pul yechib olish bo‘yicha tajriba o‘tkazish rejalashtirilgandi.
May oyi boshida to‘lov tizimlarining integratsiya ishlari yakunlanib, barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash 1-iyundan boshlanishi ma’lum qilindi. Iyun oyi boshida mazkur xizmatdan 16ta bank bankomatlari orqali foydalanish imkoniyati yaratildi. Iyulga kelib, banklar soni 27 taga yetdi.
Shuningdek, iyul oyi oxirida bankomatlar to‘liq integratsiya qilindi. Mamlakatdagi barcha qurilmalar ikkala to‘lov tizimining kartalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq “Uzcard” to‘lov tizimida texnik ish sabab nosozlik yuzaga kelgani haqida xabar berilgandi.