Xitoyga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari davomida Shavkat Mirziyoyev Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan qo‘shma Investitsiya forumida ishtirok etdi.
Forumda ikki mamlakat idoralari va hududlari rahbarlari, 600 nafardan ziyod biznes vakili ishtirok etdi. Xitoyning Milliy neft-gaz korporatsiyasi, Milliy kimyo-injiniring kompaniyasi, “China Energy”, “Huawei Technologies”, “SANY Renewable Energy”, “BYD Auto Industry”, “ZTE”, “TBEA” kabi kompaniyalari, Xitoy taraqqiyot banki, Davlat taraqqiyot banki, Eksport-import banki shular jumlasidan.
2023-yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘payib, $14 mlrdga yetdi. Qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish, ayrim turdagi mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida bitim tuzish orqali bu ko‘rsatkichni $20 mlrdga yetkazish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Davlat rahbari doimiy faoliyat yuritadigan ikki mamlakat hududlari kengashini tashkil etish bo‘yicha rejalarni olqishladi. Yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surishga safarbar etish muhimligini qayd etib, davlat rahbari kelgusi hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Bunda infratuzilmani rivojlantirish loyihalariga Xitoy moliya institutlari mablag‘larini jalb qilishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilib, kompaniyalar bilan sheriklikni kengaytirish, strategik xomashyoni chuqur qayta ishlashda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish kerakligi qayd etildi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini barqaror yuritishda Xitoy texnologiyalarini jalb qilish hamda yerlarni qayta tiklash va tuzga chidamli o‘simliklarni ekish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarini joriy qilish yo‘nalishi belgilandi.
“Yashil” energetikada strategik sheriklikni ilgari surish va Xitoy kompaniyalarining xususiylashtirish dasturida ishtirok etishi ham muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.
Bu bo‘yicha investitsiya loyihalari portfelini, infratuzilma va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini kengaytirish bo‘yicha xitoylik sheriklar bilan kelishuvlarga erishilgan.
Shuningdek, Xitoy banklari tomonidan loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish, Eksport-import banki vakolatxonasini ochish va Ipak yo‘li fondi bilan yangi Investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar xitoylik hamkorlarning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyatiga kuchli ta’sir qilishi ta’kidlandi.
“Yana bir yangilik. Har bir xitoylik hamkorga loyihalar boshidan oxirigacha hamrohlik qiluvchi investitsiya menejeri tayinlanadi. Ular kompaniyalaringiz loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishida yangi imkoniyatlar yaratishiga qat’iy ishonamiz”, — dedi prezident.
Biznes forumi yakunida energetika, neft-gaz, tog‘-kon, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar to‘plami imzolandi. “Yo‘l xarita"si ishlab chiqilib, har bir loyihaga mas’ul menejerlar biriktiriladi.
2023-yilning iyulida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etilib, investorga biriktirilishi belgilangan. Bu haqda davlat rahbari investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish bo‘yicha videoselektorda qayd etgandi.
Investitsiya menejeri investorga loyiha ishga tushirilgungacha barcha bosqichda hamrohlik qiladi. Bunda ular yer olish, infratuzilmaga ulanish, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish kabi masalalarni hal qilib boradi.