22-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni tezlashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.

Unda “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisini tashkil etish taklifi bildirilgandi. Prezident qarori bilan mazkur markaz loyiha ofisi tashkil etiladi.

Xususan, loyiha ofisi Sog‘liqni saqlash vazirligi tuzilmasida davlat muassasasi shaklida amalga oshiriladi.

Loyiha ofisi quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda yangi mexanizmlarni joriy qilishga mas’ul etib belgilandi:

  • davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini va davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketini to‘liq joriy etish;
  • tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish;
  • davlat xaridlari samarasi va shaffofligini oshirish, farmatsevtika sohasini isloh qilish;
  • sanitariya qoida va normalarini zamonaviy talablar asosida yangilash.

2024-yilda 40ta sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya, kardiologiya, endokrinologiya, dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, Bolalar milliy tibbiyot markazi hamda Milliy tibbiyot markazining faoliyatiga yangi boshqaruv usullari joriy etiladi. Bundan tashqari, ularda tibbiy yordam xavfsizligi va sifatining yuqori standartlari yo‘lga qo‘yiladi hamda ular xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Shuningdek, 2024−2025 o‘quv yilidan tibbiyot OTMlarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida xorijiy OTMlar va markazlarda o‘qitiladi.

Tibbiyot OTMlarining bitiruvchi kurs talabalarida oilaviy shifokor uchun talab etiladigan klinik ko‘nikmalarni shakllantirishga ko‘p tarmoqli tibbiyot tashkilotlarida ish haqi to‘lanadigan internatura tashkil etiladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, tibbiyot yo‘nalishidagi OTM talabalarining bilimlari ikki bosqichli baholash tizimi asosida baholanadi.

Bundan tashqari, quyidagi magistrlik yo‘nalishlari joriy etiladi hamda har yili kamida 150 nafar mutaxassislarni davlat buyurtmasi asosida tayyorlash choralari ko‘riladi:

  • “Jamoat salomatligini tashkil etish va boshqarish” (Public Health and Healthcare Management);
  • “Jamoat salomatligi: epidemiologiya va ma’lumotlar tahlili” (Public Health: Epidemiology and data science/data analytics);
  • “Jamoat salomatligi: ovqatlanish” (Public Health: Nutrition);
  • “Profilaktik tibbiyot” (Preventive Medicine);
  • “Jismoniy faollik va reabilitatsiya” (Physical Activity and Rehabilitation).

Avvalroq dori reklamalari Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasi asosida efirga uzatilishi ma’lum qilingandi. Dorilar bilan bog‘liq potensial xavf-xatarlarni tezkor aniqlash va ularga javob berishga qaratilgan farmakologik nazorat tizimi tashkil etiladi.

Yanvar oyi boshida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Hujjat bilan, farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun $600 mlngacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.