“Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2024-yilning 1-iyulidan dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi, ulgurji hamda chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlar aholini sifati, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan tashkilot sifatida e’tirof etiladi. Ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari belgilanadi.

Dori vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq potensial xavf-xatarlarni tezkor aniqlash va ularga javob berishga qaratilgan, xalqaro standartlar talablari asosida farmakologik nazorat tizimi tashkil etiladi.

Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi, ulgurji hamda chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlarda ularga berilgan litsenziya talablariga rioya etilishini nazorat qilish tartibi joriy etiladi. Bunda nazorat ishlari bir yilda ko‘pi bilan bir marotaba vakolatli organni xabardor etish orqali amalga oshiriladi.

Dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni teleradiokanallar orqali reklama qilish uchun ishlab chiqilgan kontent Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan xulosa asosida efirga uzatiladi.

Yangi tashkil etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar saqlanadigan bojxona omborlari va erkin omborlar majburiy ravishda “Zarur saqlash amaliyoti — GSP” talablariga muvofiq tashkil etiladi.

2023-yilning oktabr oyida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini kafolatli xarid qilish muddati uzaytirildi. 2024-yildan bu turdagi mahsulotlarini 10 yilgacha muddatga sotib olish mumkin.

Noyabr oyida farmatsevtika sanoatida $1,5 mlrdlik 173ta loyiha shakllantirilib, ularni moliyalashtirishga $600 mln yo‘naltirilishi ma’lum qilingandi. Natijada 2024-yilda $400 mlnlik mahsulot ishlab chiqarilib, $160 mlnlik eksport ta’minlanishi kutilmoqda.

O‘tgan yilda farmatsevti sanoatida $87 mlnlik 57ta korxona ishga tushdi. Shunga qaramay ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish 18%ga ham yetmaydi.

Yanvbar oyi boshida farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, farmatsevtika sohasida yangi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun $600 mlngacha mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.